Arxiv sohasida «Rahbar va yoshlar» uchrashuvi
Poytaxtimizdagi Shon-sharaf muzeyida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi «O‘zarxiv» agentligi direktori ishtirokida «Rahbar va yoshlar» uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Arxiv sohasidagi yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning bilim olishi, mehnat qilishi, o‘z qobiliyati va iste’dodini ro‘yobga chiqarishiga ko‘mak berish maqsadida tashkil etilgan tadbirda respublikamizning turli hududlarida faoliyat olib borayotgan 300 dan ortiq yosh xodimlar ishtirok etdi.

Uchrashuvda qayd etilganidek, davlatimiz rahbarining yoshlarimizga alohida e’tibor va g‘amxo‘rligi tufayli sohada mutlaqo yangi tizim yaratilib, yoshlar siyosati mahalla darajasigacha tushirilib, yoshlar siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, ularning intellektual, ijodiy va boshqa yo‘nalishdagi salohiyatini kamol toptirish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu kunlarda agentlik rahbariyati tomonidan yurtimiz bo‘ylab «Rahbar va yoshlar» uchrashuvlari o‘tkazib kelinmoqda.

Xususan, bugungi kunga qadar Qashqadaryo, Xorazm, Farg‘ona, Samarqand, Jizzax, Buxoro, Namangan, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida faoliyat olib borayotgan yosh arxivchilar bilan uchrashuvlar tashkil etildi.
Uchrashuv davomida yoshlar tomonidan sohani rivojlantirish bo‘yicha ilgari surilayotgan innovatsion g‘oyalar, tashabbuslar yuzasidan berilayotgan takliflari ko‘rib chiqildi va eng yaxshi 3 ta taklif hamda g‘oya mualliflari agentlikning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Uchrashuvning ikkinchi qismida ishtirok etayotgan yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollari va takliflari bilan rahbarga yuzlanadi hamda ularning yechimlari bo‘yicha muhokamalar o‘tkaziladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA