Arnasoyda 30 million dollarlik yangi korxona
Investitsiyaning haqiqiy qiymati uning miqdori bilan emas, hayotda qanday natija olib kirishi bilan o‘lchanadi. Yangi korxona, zamonaviy texnologiya, ish o‘rni, mahalliy mahsulot va iqtisodiy faollik – sarmoyaning samarasini ko‘rsatadigan muhim mezonlar. Jizzax viloyati Arnasoy tumanida amalga oshirilayotgan yirik loyiha ana shu jihatlari bilan e’tiborga molik.
Tumanning “Baxtli” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida Xitoy Xalq Respublikasining “Bashiran Co., Ltd” kompaniyasi bilan hamkorlikda tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy korxona qurilishi izchil davom etmoqda. 4,5 gektar maydonda qad rostlayotgan mazkur majmua hududda yangi sanoat yo‘nalishini shakllantirish bilan birga, qishloq xo‘jaligining bugungi ehtiyojiga ham javob beradi.
Zero, suv resurslaridan oqilona va tejamkor foydalanish agrar sohaning barqarorligida muhim omil. Shu nuqtai nazardan, tomchilatib sug‘orish tizimlari uchun zarur mahsulotlarni mahalliy sharoitda ishlab chiqarishning ahamiyati katta. Bu nafaqat ichki bozor ehtiyojini ta’minlash, balki fermer va tomorqa egalari uchun zamonaviy, sifatli mahsulotlarni yaqin manbadan yetkazib berish, suvni tejovchi texnologiyalarni kengroq joriy etish imkonini ham oshiradi.

Mazkur hamkorlik 2025-yilda amaliy bosqichga kirdi. O‘sha yili Arnasoy tumani hokimligi hamda Xitoyning “Bashiran Co., Ltd” kompaniyasi o‘rtasida loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi. Shundan so‘ng belgilangan vazifalar asosida qurilish ishlariga kirishilib, bugun loyiha aniq bunyodkorlik jarayoniga aylangan.
Bu jihatni davlatimiz rahbari raisligida 2025-yil 16-yanvarda investitsiyalarni keng jalb etish va eksport hajmini oshirish masalalari muhokama qilingan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar bilan hamohang ko‘rish mumkin. Unda investitsiyaning samaradorligini oshirish hudud va tarmoq rahbarlarining asosiy vazifasi ekani ta’kidlanib, har bir loyihaning “ichiga kirib”, ishni unumli tashkil etish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan. Bu talabning mohiyati shundaki, sarmoya qog‘ozdagi raqam bo‘lib qolmasdan, ishlab chiqarish va odamlar farovonligiga xizmat qilishi kerak.

Arnasoydagi loyiha ana shu yondashuvning amaliy ko‘rinishlaridan biri. Uning umumiy qiymati 30 million AQSH dollarini tashkil etadi. Loyiha doirasida ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etiladi. Demak, xorijiy sarmoya bu yerda shunchaki qurilishga yo‘naltirilgan mablag‘ emas, balki yangi texnologik imkoniyatlarni hududga olib kirish va ishlab chiqarishni zamonaviy asosda tashkil etish vositasidir.
Korxona ishga tushgach, tomchilatib sug‘orish texnologiyalari uchun zarur mahsulotlar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi. Natijada import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyati kengayadi, mahalliylashtirish darajasi oshadi. Kelgusida ishlab chiqarish salohiyatining o‘sishi eksport yo‘nalishlarini kengaytirish uchun ham zamin yaratishi mumkin.

Loyihaning yana bir muhim jihati – bandlik. Korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgach, 100 dan ortiq mahalliy aholi doimiy ish o‘rni bilan ta’minlanadi. Bu esa xorijiy investitsiyaning samarasini bevosita inson taqdiri, oila daromadi va hududdagi mehnat bozori bilan bog‘laydi.

Ayni paytda qurilish maydonida ishlar qizg‘in. Qad rostlayotgan yangi korxona hudud iqtisodiyotiga keladigan o‘zgarishlarning dastlabki belgisi. Ertaga bu yerda ishlab chiqariladigan mahsulot suvni tejashga xizmat qiladi, yuzdan ziyod insonning mehnat faoliyatiga yo‘l ochadi, yangi texnologik imkoniyatlarni kengaytiradi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri