Ariq bo‘yiga ko‘milgan xavf yoxud biologik chiqindilarni boshqarishning xavfsiz yo‘li
Katta hovliga ko‘p yillar xizmat qilgan olapar to‘satdan o‘lib qoldi. Itning jasadini tomorqaning bir chetiga, ariqdan biroz nariga ko‘mib qo‘ya qolishdi. Mahallalarda bu oddiy va tabiiy holdek tuyuladi.
Oradan ko‘p o‘tmay, shu ariq suvidan ichgan qo‘shnining mollari kasallana boshladi. Ma’lum bo‘lishicha, it qandaydir yuqumli kasallikdan o‘lgan ekan. Uning chirigan tanasi oqar suvni ham zaharlagan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, nobud bo‘lgan uy hayvonlarini duch kelgan joyga ko‘mish mana shunday kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, hayvonning nimadan o‘lgani noma’lum bo‘lsa, uning jasadi tuproq va suvni zaharlashi, atrofga og‘ir infeksiyalar tarqatishi hech gap emas.
Mana shunday ko‘zga ko‘rinmas, lekin juda xavfli muammolarning oldini olish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan joriy yilning 11-iyun kuni “Nobud bo‘lgan hayvonlarning jasadini krematsiya qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Keyingi yillarda yurtimizda uy hayvonlari soni ortib, chorvachilik jadal rivojlanayotgani sababli bunday hujjat juda zarur edi. Yangi nizom hayvonlar jasadini qabul qilish, tashish, vaqtincha saqlash va xavfsiz yo‘q qilishning yagona va qonuniy qoidalarini belgilab berdi. Mazkur hujjatning davlatimiz, tabiatimiz va oddiy aholi uchun foydasi juda katta.
Birinchi navbatda, u aholi salomatligi va osoyishtaligini asrashga xizmat qiladi. Endilikda uy hayvoni o‘lganda uni qayerga va qanday ko‘mishni bilmay boshi qotgan fuqarolarga aniq va xavfsiz yechim ko‘rsatiladi. Eng muhimi, yuqumli kasalliklarning mahallalarda tarqalib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Oilamiz va farzandlarimiz sog‘lig‘i xavfsiz bo‘ladi.
Bundan tashqari, hujjat ekologiyamizni, ya’ni tuproq va ichimlik suvlarimizni zaharlanishdan asraydi. Jasadlarni dalalarga, yo‘l chekkalariga yoki suv bo‘ylariga tashlab ketish kabi xunuk holatlarga chek qo‘yadi.
Davlat uchun esa bu chorvachilik tizimi va veterinariya nazoratini kuchaytirish, kutilmagan epidemiyalarning oldini olish hamda biologik chiqindilarni yo‘q qilishning zamonaviy, xalqaro standartlarga mos va shaffof tizimini yaratish demakdir.
Yangi tartibga ko‘ra, har bir holatda hayvon jasadi avvalo veterinariya mutaxassisi tomonidan ko‘zdan kechiriladi. Zarurat tug‘ilganda laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazilib, o‘lim sababi aniqlanadi. Jasadlar ochiq qoldirilmay, faqat maxsus transport vositalarida yoki yopiq konteynerlarda tashiladi. Agar hayvon yuqumli kasallikdan o‘lgani aniqlansa yoki sababi noma’lum bo‘lsa, u maxsus krematoriyda, ya’ni yuqori haroratli pechda kuydirib yo‘q qilinadi. Muhimi, bu jarayonlar to‘liq hujjatlashtiriladi.
Amaliyotda hayvonlar jasadlarini noqonuniy ko‘mish yoki ochiq hududlarga tashlab ketish holatlari juda ko‘p uchraydi, – deydi “Ekolog” jamoat birlashmasi raisi Nargis Qosimova. – Shu paytgacha bu aholi va tabiat uchun jiddiy xavf tug‘dirib kelayotgan edi. Shu bois mazkur nizom ana shunday xavflarning oldini olish, yurtimizda veterinariya-sanitariya xavfsizligini mustahkamlash va utilizatsiya jarayonida nazoratni kuchaytirish uchun muhim huquqiy asos bo‘ldi. Hujjatda jasadlarni qabul qilishdan tortib, ularni yo‘q qilishgacha bo‘lgan har bir qadam aniq ko‘rsatib qo‘yilgan.
Bu tizimning samarali ishlashi faqat qonun-qoidalarga bog‘liq emas. Jarayon oddiy odamlarning bundan qanchalik xabardor ekanligiga ham chambarchas bog‘liq. Shu sababli yangi nizomning mazmun-mohiyatini xalqqa oddiy, tushunarli tilda yetkazish, mahallalar, maktablar va veterinariya muassasalarida keng targ‘ib qilish lozim.
Bu fuqarolarimizning biologik chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish borasidagi ekologik madaniyati va huquqiy savodxonligini oshirib, barchamizning xavfsiz va toza muhitda yashashimizga xizmat qiladi.
Marhabo Hojiakbarova,
O‘zA muxbiri