«Arda Xiva» xalqaro turizm arenasida yangi brend
Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi (PMEF) doirasida O‘zbekistonning eng yirik turistik loyihalaridan biri — «Arda Xiva» turistik majmuasini xalqaro bozorlarda targ‘ib qilishga qaratilgan muhim hamkorlik kelishuvi imzolandi.
Turistik infratuzilmani boshqarish va rivojlantirish sohasidagi yetakchi Rossiya kompaniyalaridan biri — «Cronwell Development» hamda Rossiyaning yirik onlayn sayohatlar agregatori — «Ostrovok» o‘rtasida imzolangan kelishuv O‘zbekiston Respublikasi Xorazm viloyatida joylashgan ko‘p tarmoqli «Arda Xiva» turistik majmuasini xalqaro maydonda ilgari surishning yangi bosqichini boshlab berdi.

Mazkur hamkorlik O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy natijasi sifatida baholanmoqda. Bu islohotlar mamlakat turistik infratuzilmasini modernizatsiya qilish, boy tarixiy-madaniy merosni jahon turistik marshrutlariga integratsiya qilish hamda xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirishga qaratilgan.
Erishilgan kelishuvlarga muvofiq, tomonlar «Arda Xiva» majmuasini Rossiya va boshqa istiqbolli bozorlarda targ‘ib qilish, yangi turistik mahsulotlar ishlab chiqish, xalqaro ko‘rgazma va forumlarda ishtirok etish, shuningdek, ishbilarmonlik aloqalari va sheriklik munosabatlarini kengaytirish bo‘yicha hamkorlik qiladi.

Kelishuvni «Kronvell Development» MCHJ bosh direktori Aleksey Musakin va «Bronirovaniye gostinits» («Ostrovok») MCHJ bosh direktori Darya Kochetkova imzoladi. Shuningdek, tomonlar rejalashtirilgan tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy “yo‘l xaritasi” vazifasini o‘taydigan qo‘shma chora-tadbirlar rejasini ham tasdiqladilar.
Mutaxassislar fikricha, mazkur kelishuv O‘zbekistonning turistik eksportini kengaytirish, Rossiyadan keluvchi sayyohlar oqimini oshirish hamda qadimiy Xivaning mintaqaning muhim turistik markazlaridan biri sifatidagi xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ekspertlar ta’kidlashicha, ushbu hamkorlik nafaqat «Arda Xiva» majmuasi, balki butun Xorazm viloyati va O‘zbekiston turizm sohasi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu esa mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosi, zamonaviy turistik infratuzilmasi va ochiq investitsiya siyosati xalqaro maydonda yanada keng targ‘ib qilinishiga xizmat qiladi.
O‘zA