AQSHda Tramp reytingi eng past darajaga tushdi
AQSH Prezidenti Donald Trampning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatkichi eng quyi darajaga tushib ketdi. Bu haqda Britaniyaning “Focaldata” kompaniyasi “Financial Times” nashri uchun o‘tkazgan so‘rovnoma natijasida ma’lum qilindi.
Tadqiqotga ko‘ra, amerikalik saylovchilarning atigi 33 foizi davlat rahbarining Oq uydagi faoliyatini ma’qullagan. Avvalroq ushbu ko‘rsatkich 35 foiz edi. Respublikachilar partiyasi tarafdorlari orasida ham yetakchini qo‘llab-quvvatlash darajasi 72 foizgacha pasayib, aksil rekord qayd etilgan.
So‘ralganlarning aksari Vashington yuritayotgan savdo siyosati va ma’muriyat tomonidan joriy etilgan boj tarifiga salbiy munosabat bildirgan. Aholi bunday cheklovni mamlakatda turmush darajasi qimmatlashishining asosiy sababi sifatida e’tirof etgan. So‘rovda qatnashganlarning uchdan ikki qismi AQSH iqtisodiyoti noto‘g‘ri yo‘nalishda ketayotganini ta’kidlagan, 57 foiz odam Tramp siyosati ularning shaxsiy moliyaviy ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatganiga urg‘u bergan. 56 foiz respondent Kanadaga nisbatan qo‘llangan yangi savdo bojidan norozilik bildirib, narx yanada oshishidan xavotirda ekanini aytgan.
Shuningdek, nashr Amerika rahbarining siyosiy ta’siri zaiflashayotganiga ham e’tibor qaratgan. Saylovchilarning 46 foizi amaldagi Prezidentning hatti-harakati Kongressga oraliq saylovda respublikachilar mavqeiga putur yetkazadi, deb hisoblamoqda. Ishtirokchilarning 47 foizi esa aynan Tramp tomonidan ilgari surilgan nomzodlarga ovoz bermasligini ta’kidlagan.
Mazkur so‘rovnoma 28-avgustdan 1-sentabrga qadar ro‘yxatdan o‘tgan 1914 nafar saylovchi o‘rtasida o‘tkazildi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA