AQSHda snaryad zavodi portladi
AQSHning Tennessi shtatida joylashgan “Accurate Energetic Systems” (AES) harbiy snaryad ishlab chiqarish zavodida sodir bo‘lgan kuchli portlash oqibatida halok bo‘lgan shaxslar ism-sharifi rasman e’lon qilindi.
10 oktyabr kuni ertalab Xikman okrugida yuz bergan hodisada ishchilardan hech kim tirik qolmagan. Xikman va Xemfris okruglari sheriflari Jeyson Kraft hamda Kris Devis matbuot anjumanida qurbonlar ro‘yxatini o‘qib eshittirdi va ularning oilalariga yordam ko‘rsatish zarurligini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, portlash sababi hali aniqlamagan. Ayni payt Spirtli mahsulotlar, tamaki, qurol va portlovchi moddalar bo‘yicha federal byuro (ATF) tomonidan tergov olib borilyapti.
Hokimiyat vakili ta’kidlashicha, ismlar e’lon qilinishi jasadlar to‘liq topilganini anglatmaydi – identifikatsiya jarayoni davom etmoqda.
Fojia joyida havodan olingan tasvirda yongan mashinalar, vayron bo‘lgan binolar ko‘rinadi. Geologiya xizmati portlash kuchi 1,6 magnitudali zilzilaga teng bo‘lganiga urg‘u bergan.
Dilshod Hakimov, O‘zA