AQSHda “New York Times” mulozimi qaynota-qaynonasi tomonidan o‘ldirildi
Kaliforniya shtatida sodir bo‘lgan otishma tufayli “New York Times” nashri muhandislik bo‘limi direktori Jonatan Makkinzi halok bo‘ldi. Qotillikda gumonlanib, marhumning 77 yoshli qaynotasi va qaynonasi voqea joyida qo‘lga olindi.
“Fox News” telekanali xabar berishicha, mahalliy politsiya bo‘limi ro‘parasida joylashgan “Dublin Sports Grounds” sport majmuasi avto turargohidan ko‘plab o‘q jarohati olgan erkak jasadi topilgan.
Hodisa guvohlarining tezkor ko‘rsatmasi evaziga huquq-tartibot idoralari xodimlari gumonlanuvchilarni uzoqqa ketmasdan, zudlik bilan hibsga olishga muvaffaq bo‘lgan. Tergov davomida ular 42 yoshli Jonatan Makkinzi rafiqasining ota-onasi ekani aniqlandi. Hozir politsiya ushbu jinoyat sababi hamda fojea sir-asrorini atroflicha o‘rganmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA