AQSH – Xitoy munosabatida yangi qadam: Tramp Si Szinpinni shaxsan kutib oldi (+video)
AQSH Prezidenti Donald Tramp xitoylik hamkasbi Si Szinpinni Vashingtonda to‘pchi samolyotlar parvozi qurshovida, 30 metrli qizil gilam to‘shab kutib oldi. Bu haqda VVS xabar bergan.
Si Szinpinning 2015-yildan buyon Vashingtonga ilk tashrifi doirasida yopiq uchrashuv, davlat kechki ziyofati va sun’iy intellektdan tortib Eron urushi, Tayvan hamda savdo bo‘yicha sulhni uzaytirishgacha bo‘lgan keng ko‘lamli masalalar muhokama qilinishi kutilyapti.
AQSH Prezidenti xorijiy davlat rahbarini aeroportda shaxsan kutib olishiga 11 yil ichida birinchi marta guvoh bo‘lyapmiz. Avval bunday sharaf 2015-yil Prezident Barak Obama tomonidan Rim papasi Fransiskka ko‘rsatilgan edi. 1962-yil esa Prezident Jon Kennedi Buyuk Britaniya Bosh vaziri Garold Makmillanni aeroportda kutib olgan.
Moliya vaziri Skott Bessent AQSH va Xitoy savdo bo‘yicha sulhni yanvar oyigacha uzaytirishini ma’lum qildi. Tramp ayrim tovarlarga tarifni tushirgan, Si kamyob yer minerallari eksportiga qo‘ygan cheklov yumshatilgan kelishuvning amal qilish muddati esa 10-noyabrda tugaydi.
“Sinxua” davlat axborot agentligi e’lon qilgan yozma bayonotda Si Szinpin “ikki buyuk davlat – Xitoy va AQSH xalqlari ham buyuk” ekanini aytdi.
Melaniya Tramp “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida tashrif dasturini rejalashtirishda bevosita ishtirok etganini bildirib, Tramp Xitoy rahbarini aeroportda shaxsan kutib olishga qaror qilgani, chunki ular orasidagi munosabat juda yaxshiligini ta’kidladi.
Si Szinpin bilan birga Xitoy biznesi vakillari kelgan-kelmagani hozircha noma’lum. Amerika yetakchisi may oyida Pekinga borganda unga AQSHning yirik texnologiya kompaniyalari rahbarlari hamrohlik qilgan edi.
Tramp yaqinda soha vakillari sun’iy intellektning ehtimoliy xavfi haqida bergan ogohlantirishni ma’qullamay, “o‘ydirma” deb atadi. Ayni payt har ikki davlat bu sohada ustunlikka erishishga intilayotgani aniq.
Xabarlarga qaraganda, Tramp savdo va tarif bo‘yicha Xitoyning Amerika tovarlariga tarifini pasaytirish, Chin diyoridan noyob yer minerallari importini ko‘paytirish, AQSH qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini oshirish kabi qator kelishuvlarga erishishni ham ko‘zlab turibdi.
Si Szinpin esa Trampni Kongress tomonidan ma’qullangan, Tayvanga 14 milliard dollarlik qurol-yaroq sotish nazarda tutilgan kelishuvni keyinga qoldirish yoki ushbu bitimdan butunlay voz kechishga undaydi. Shuningdek, o‘zaro savdo integratsiyasini chuqurlashtirishga harakat qiladi. Bu AQSH va Xitoy munosabatidagi ko‘p yil yechilamagan masala.
Darvoqe, Mazkur tashrif amerikaliklarning Xitoyga munosabati iliqlashayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi.
Kenja Bekjonov, Salimjon Obidjonov, (+video) O‘zA