AQSH va Eron ikkinchi muzokaraga tayyorlanmoqda (+video)
O‘tgan dam olish kunlari bo‘lib o‘tgan birinchi muzokaralar mojaroni to‘liq tugatishga qaratilgan bo‘lsa-da, hech qanday kelishuvga olib kelmadi. Oq uy ma’lum qilishicha, Eronning yadroviy dasturi kelishuvga asosiy to‘siq bo‘lib qolmoqda, deb xabar qildi Euronews.
Seshanba kuni diplomatlar norasmiy kanallar orqali AQSH va Eron o‘rtasida yangi tinchlik muzokaralarini tashkil etish ustida ish olib borishdi. Bu holat Vashington Eron portlariga kirishga cheklov joriy etgani va bunga qarshi Tehron mintaqadagi nishonlarga zarba berish bilan tahdid qilganidan keyin yuz berdi.
AQSH prezidenti Donald Trampning ta’kidlashicha, ikkinchi muzokara Pokiston poytaxtida bo‘lib o‘tishi mumkin.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ham muzokaralar qayta boshlanishiga ishonch bildirdi. U Pokiston bosh vazirining o‘rinbosari Muhammad Ishoq Dar bilan bu masalada uchrashganini ham aytdi. “Bu inqirozni harbiy yo‘l bilan yechib bo‘lmaydi. Tinchlik kelishuvi doimiy muloqot va siyosiy irodani talab qiladi. Muzokaralar qayta boshlanishi kerak”-degan Guterrish.
Hozircha sulh saqlanib turgan bo‘lsa-da, Hurmuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat yana harbiy to‘qnashuvlarga sabab bo‘lishi va mintaqaviy urushning iqtisodiy oqibatlarini kuchaytirishi mumkin.
Pokiston yana AQSH va Eron o‘rtasidagi ikkinchi muzokaralarga mezbonlik qilishni taklif qildi. Ayni paytda muzokaralar bo‘yicha maslahatlar davom etmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Tehron va Vashington muzokara o‘tkazishga rozi bo‘lgan. Biroq uchrashuv joyi, vaqti va delegatsiyalar tarkibi hali aniq emas. Islomobod va Jeneva ehtimoliy muzokara manzillari sifatida ko‘rib chiqilmoqda.
Yetti haftadan beri davom etayotgan urush jahon bozorlariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Kemalar qatnovi to‘xtab qoldi, havo hujumlari esa mintaqadagi harbiy va fuqarolik infratuzilmasini vayron qildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Eronda kamida 3000 kishi halok bo‘lgan, Livan esa 2000 dan ortiq fuqarosini yo‘qotgan. Fors ko‘rfazi davlatlari ham talofat ko‘rgan. Xullas, bo‘lajak muzokaradan ziddiyatni bartaraf etadigan kelishuvni ko‘pchilik kutmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/sFqR7IAsDIs" title="AQSH va Eron ikkinchi muzokaraga tayyorlanmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>K.Bekjonov, O‘zA