AQSH tajribasi asosida zamonaviy logistika yechimlari joriy etiladi
Bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov Amerika Qo‘shma Shtatlariga amaliy tashrif doirasida Chikago shahrida transport va logistika sohasida faoliyat yuritayotgan bir guruh vatandosh tadbirkorlar bilan uchrashdi.
Bevosita logistika kompaniyasi hududida tashkil etilgan sayyor muloqot davomida yuk tashish xizmatlarini takomillashtirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda xalqaro logistikada qo‘llanilayotgan ilg‘or yechimlar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Tashrif chog‘ida kompaniyaning zamonaviy logistika infratuzilmasi, yuklarni qabul qilish, tashish va yetkazib berish jarayonlari, dispetcherlik boshqaruvi tizimi, xavfsizlik standartlari hamda raqamli monitoring mexanizmlari bilan yaqindan tanishildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda tashqi savdo yuklarining asosiy qismi avtomobil transporti orqali tashilayotgani bois, AQSHning avtotashuvlar sohasidagi tajribasi mamlakatimiz uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, raqamli boshqaruv, logistika zanjirlarini optimallashtirish va yuk harakatini onlayn nazorat qilish bo‘yicha yechimlar soha samaradorligini yanada oshirish imkonini beradi.

Shu munosabat bilan Bojxona qo‘mitasi raisi vatandosh tadbirkorlarni o‘zlari erishgan ilg‘or tajriba va innovatsion yondashuvlarni O‘zbekistonda ham keng joriy etishga chaqirdi. Bu esa o‘z navbatida bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini tezlashtirish, xalqaro tashuvlar sifatini yaxshilash va mamlakatning tranzit salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv transport, logistika va ta’minot zanjiri xizmatlari sohasida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan ochiq va samimiy ruhda o‘tdi. Tomonlar kelgusida ham o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish yuzasidan fikr bildirdi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA