AQSH Saudiyaning Yamandagi xusiylarga zarba berish taklifini rad etdi
“Axios” nashri AQSH rasmiylariga tayanib xabar berishicha, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Prezident Donald Trampga ikki bor qo‘ng‘iroq qilib, Yamandagi xusiylarga qarshi harbiy zarba yo‘llashni so‘ragan. Tramp esa taklifni rad etib, Vashington hozircha bu guruhga qarshi bevosita harbiy harakat olib borishni rejalashtirmayotganiga urg‘u bergan.
Jurnalistlarning shu mavzudagi savoliga Oq uy va Saudiyaning Vashingtondagi elchixonasi darhol munosabat bildirmadi.
Manba qayd etishicha, Amerika ma’muriyati Yamanda keskinlik kuchayib borayotganidan xavotir olib, Saudiyani qo‘llab-quvvatlamoqda. Bil’aks, nizoga bevosita aralashishdan qochyapti.
AQSH Markaziy qo‘mondonligi rahbari admiral Bred Kuper shoshilinch maslahatlashuv o‘tkazish uchun Ar-Riyodga keldi. Uchrashuv chog‘i mezbon tomonga Trampning asosiy ko‘rsatmasi sifatida asosiy kuchni Eronni jilovlash va Hurmuz bo‘g‘ozida xavfsizlikni ta’minlashga qaratish, yangi harbiy front ochishdan esa saqlanish ekani uqtirilgan.
Iyul oyi boshida xusiylar Sana aeroportiga qo‘nishga tayyorlanayotgan Eron fuqarolik samolyotiga xalaqit bermoqchi bo‘lgan Saudiya qiruvchi samolyotiga qarshi chora ko‘rilganini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng Yaman atrofidagi vaziyat yanada keskinlashgan edi. Bundan tashqari Qizil dengizda kema qatnovini xusiylar hujumidan himoya qilish uchun xalqaro koalitsiya tuzish harakati ham boshlangan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA