AQSH O‘zbekistonning muhim hamkori
O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori A.Jumanazarov Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik bilan uchrashuv o‘tkazdi.
AQSH an’anaviy ravishda O‘zbekistonning muhim iqtisodiy hamkori hisoblanishi, 2024 yilda tovar ayirboshlash hajmi 15 foizga ko‘payib, o‘zaro tovar ayirboshlash 881,7 mln dollarga yetganligi va loyihalar portfeli 11 milliard dollardan oshgani, albatta savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlanishida standartlashtirish va texnik jixatdan tartibga solish alohida o‘rin tutishi qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etilgan uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish, o‘zaro yetkazib beriladigan mahsulotlardagi milliy standartlarni xalqaro standartlar bilan muvofiqlashtirish, texnik tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohasida sohasida hamkorlik ko‘lamlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Standartlashtirish sohasida Amerikaning American National Standards Institute (ASTM) va ASTM International tashkilotlari bilan olib borilayotgan hamkorlik masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish, mutaxassislar bilan almashish, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasidagi ishlarni tashkil qilish uchun korxonalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish va ushbu hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratildi.
Laboratoriyalar faoliyati bilan tanishib, laboratoriyalardagi shart-sharoitlar xalqaro standartlar va me’yoriy talablarga mosligi elchi Jonatan Xenik tomonidan e’tirof etildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida hamkorlikni yanada kengaytirish, muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni uchun barcha sa’y-harakatni ishga solishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA