AQSH Kuba prezidenti va uning oilasiga nisbatan sanksiya joriy etdi
AQSH Kuba prezidenti Migel Dias-Kanelga qarshi keng qamrovli sanksiyalar joriy etdi. Bu chora davlat rahbarining oila a’zolari va qator muhim tashkilotlarni ham qamrab olib, AQSH-Kuba munosabatlarida yangi bosqichni ochib bermoqda.
Rasmiy Vashington Kuba prezidenti Migel Dias-Kanelga nisbatan cheklov choralari qo‘llanganini e’lon qildi. AQSH Moliya vazirligi ma’lumotiga tayanib “Reuters” agentligi xabar berishicha, mazkur sanksiyalar ro‘yxatiga davlat rahbaridan tashqari unga aloqador bir qator jismoniy va yuridik shaxslar ham kiritilgan.
Xususan, yangi cheklovlar yana to‘rt nafar jismoniy shaxs va besh tashkilotni o‘z ichiga oladi. Ular orasida Kuba birinchi xonimi Lis Kuesta Peraza, Kastro sulolasining ikki nafar a’zosi hamda mamlakat Inqilobiy qurolli kuchlar vazirligi bor. Kuba hukumati hozircha ushbu qaror yuzasidan rasmiy bayonot bergani yo‘q.
Ma’lumot o‘rnida, 66 yoshli Migel Dias-Kanel 2018-yildan buyon ushbu Karib havzasi davlatini boshqarib kelyapti. U hokimiyatni Kubaning afsonaviy rahbari Fidel Kastroning ukasi Raul Kastrodan qabul qilib olgan edi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA