AQSH eng yirik neft eksportchisiga aylandi
“Reuters” xabar berishicha, Amerika Qo‘shma Shtatlari jiddiy geosiyosiy voqealar asnosida dunyo miqyosida yetakchi neft eksportchisiga aylandi. 2026-yil fevral oyidan beri Saudiya Arabistonining xom neft eksporti Eron bilan urush tufayli to‘xtab qoldi, Rossiya ta’minoti esa muntazam ravishda Ukraina droni hujumi va ziddiyat ta’siri o‘laroq, g‘arb tomonidan joriy etilgan sanksiyadan aziyat chekmoqda.
May oyida AQSHning xom neft va yonilg‘i eksporti kuniga 10,5 million barrel oshdi. Bunga yuqori ichki ishlab chiqarish va strategik zaxira nazoratdan chiqarilishi sabab bo‘ldi. Shunday qilib, Qo‘shma Shtatlar ketma-ket uchinchi oy dunyodagi eng yirik yetkazib beruvchi maqomini saqlab turibdi.
May oyida Rossiya eksporti kuniga 7 million, Saudiya ko‘rsatkichi esa 5,9 million barrelni tashkil etdi.

Qolaversa, AQSH dengiz qamali ORES tashkilotiga a’zo davlatlarning ham qora oltin ishlab chiqarish sur’atiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Masalan, tuzilmaning may oyida neft qazib olish miqdori yigirma yildan ko‘p vaqt ichidagi eng past darajani qayd etdi. 11 mamlakatni birlashtirgan tashkilot doirasida ishlab chiqarish oyma-oy kuniga 1 million barrel kamayib bordi va kuniga 16 million barrelga tushib qoldi. Bu kamida 2000-yildan beri eng past oylik ko‘rsatkich bo‘lib, 2020-yil COVID-19 pandemiyasi davrida kuzatilgan darajadan ham ancha kam.
AQSH qamali ta’siri Eronda aks-sado berdi. Ya’ni, o‘tgan oy mamlakatda neft ishlab chiqarish juda pasaydi. Ma’lumotda keltirilishicha, Islom Respublikasining xom neft va aralashma eksporti kamida olti yillik eng quyi darajani ko‘rsatdi.
Saudiyada ham neft ishlab chiqarish kamaymoqda. Shu bilan birga Iroq ichki iste’molni ko‘paytirish orqali ishlab chiqarishni kuchaytirishga muvaffaq bo‘lgan.
Qora oltin qazib olish bo‘yicha dunyoda birinchi bo‘lish Vashingtonga ham ittifoqchilar, ham raqiblar bilan muzokarada ustunlik beradi. Ta’kidlanishicha, xom ashyo diplomatiyasiga daxldor yangi vosita AQSHning global harbiy ustunligi va moliyaviy bozordagi hukmronligini to‘ldiradi. Tabiiyki, ayni holat dollarning jahon zaxira valyutasi sifatidagi o‘rnini ham mustahkamlaydi.
S.Rahimov, O‘zA