AQSH 20 yildan so‘ng Iroqni tark etmoqda: ortda nima qoldi? (+video)
AQSH 30-sentabrga qadar Iroqda qolgan harbiy kuchlarini olib chiqib ketishni rejalashtirgan. Shu tariqa 20 yildan ko‘p davom etgan harbiy ishtirok yakunlanadi, deb yozdi "VVS" nashri.
Qo‘shma Shtatlarning ushbu yirik arab davlatiga harbiy daxldorligi 2003-yil boshlangan. Ayni jarayon Saddam Husayn hokimiyatdan ag‘darilishiga olib kelgan. Shundan so‘ng, mamlakatda dinlararo nizo va mahalliy qo‘zg‘olonchilarga qarshi ko‘p yillik qurolli to‘qnashuv avj olgan.
Amerika qo‘shini 2011-yil Iroqni tark etgan, ammo 2014-yil ISHID tizimini tor-mor etishga yordam berish uchun yana qaytib kirgan. Amerika harbiylarining endigi chiqishi Eron bilan bog‘liq mojaro payti amalga oshirilmoqda. Sababi, Iroqdagi amerikalik askarlar Tehron tomonidan hujumga uchrashi xavfi kuchaydi.
Tahlilchilar fikricha, qo‘shinsiz AQSHning mavjud ta’siri yo‘qolishi dargumon. Ayni payt mavzuga berilayotgan izoh turlicha.
– AQSH maqsadiga erisha olmadi, hokimiyat almashishi iroqliklarning barqaror va farovon mamlakat haqidagi umidini oqlamadi, – deydi mustaqil ekspert Safvon Al-Amin. – O‘sha voqealar beqarorlikni kuchaytirib, Eronga mintaqadagi ta’sirini kuchaytirish imkonini berdi.
Amerikalik diplomat Duglas Silliman esa o‘tish davri beqaror kechgani, Saddam Husayn ag‘darilgandan keyin yuz bergan siyosiy o‘zgarish ko‘plab iroqliklarga ma’qul kelganini aytadi.
Britaniyalik tadqiqotchi Xalil Anvar Xelliyer esa vaziyatga demokratiya nuqtai nazaridan qaramaslik kerak, deb hisoblaydi.
– Odamlar “AQSH demokratiya qurdimi?” degan savolni berishni bas qilishi kerak, yo‘q, qurmadi, – deya ta’kidlaydi u.
Binobarin, ekspertlar bir masalada hamfikr: Iroq hamon 2003-yildagi Amerika siyosati tasavvur qilgan demokratiyadan ancha uzoq. O‘lkada korrupsiya keng tarqalgan. Rasmiy davlat tuzilmalari bilan birga qurolli tuzilmalar ham hokimiyatni saqlab turibdi.
Al-Amin fikricha, AQSHning ta’siri qo‘shin olib chiqilgandan keyin ham saqlanib qoladi.
Xullas, Vashington Iroqda rejimni o‘zgartirishga erishdi, ammo ko‘zlangan barqaror va demokratik davlat to‘liq barpo etilmadi. Jarayon ichki muammolar barobarida Eron ta’siri kuchayishi va ko‘p yillik beqaror holatni yuzaga keltirdi.
Kenja Bekjonov,
Salimjon Obidjonov (video),
O‘zA