“Aql markazlari” xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi
Toshkent xalqaro munozara klubi doirasida “Markaziy Osiyo “aql markazlari”: salohiyatni oshirish va barqaror rivojlanish uchun hamkorlik” mavzusida mintaqaviy forum bo‘lib o‘tdi. Tadbir “Yuksalish” umummilliy harakati hamda Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi hamkorligida tashkil etildi.
Ma’lumki, Davlatimiz rahbarining tegishli farmoniga muvofiq, “Yuksalish” umummilliy harakati qoshida Xalqaro munozara klubi tashkil etildi. Mazkur klub faoliyati dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy masalalarni muhokama qilish, turli sohalarda tendensiya shakllantirish, taklif ishlab chiqish, ekspertlar, jumladan, xorijiy va xalqaro tashkilotlar tavsiyasi bilan innovatsion g‘oya, qarashlarni targ‘ib qilishga qaratilgan.
Anjuman davomida milliy va xorijiy ekspertlar tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlarida barqaror rivojlanishni ta’minlashda tahliliy va tadqiqot markazlari ishtiroki, hamkorlik bo‘yicha yangi yo‘nalishlarni belgilash, amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, mintaqada tahliliy faoliyatning bugungi holati, ekspert salohiyatini oshirish, “aql markazlari” uchun doimiy muloqot maydoni yaratib, faoliyatni qo‘llab-quvvatlash istiqboli ko‘rib chiqildi.
Ishtirokchilar fikricha, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo rivojlanish borasida ijobiy sur’at namoyon etmoqda. Barcha sohalarda mintaqaviy hamkorlik mustahkamlanmoqda. Hudud xavfsizligi, davlat chegarasi bilan bog‘liq, suvdan foydalanishga oid dolzarb muammolar tizimli ravishda hal etilmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari ishtirokida uch marta maslahat uchrashuvi o‘tkazildi. Hukumat, tashqi ishlar idoralari rahbarlari muloqoti muntazamlik kasb etmoqda. Aloqani mustahkamlash yo‘lidagi umumiy harakat jadal tus olishidan mintaqadagi barcha davlatlar manfaat ko‘rmoqda.
Mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga intilish ob’ektiv, barqaror va ortga qaytarib bo‘lmas tendensiyaga aylandi. Ayni jarayon zamirida hududdagi barcha davlatlarning siyosiy irodasi, chuqur tarixiy nuqtai nazari mujassam.
Tahlilchilar ta’kidlashicha, hal qilib bo‘lmaydigan masala, deyarli, yo‘q. Faqat muammoni bartaraf etish uchun siyosiy iroda zarur. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016 yildayoq mintaqaviy siyosat negizida “o‘tkir masalalardan yuz o‘girmay, oqilona murosa yo‘lini izlash” tamoyiliga amal qilish darkorligini anglatdi. O‘zaro ishonchni mustahkamlash, Markaziy Osiyoda zamon chaqirig‘iga javob berish va yagona yondashuv ishlab chiqishda “aql markazlari” (think tanks) muhim rol o‘ynashi mumkin.
O‘tish davrida keng ko‘lamli transformatsiya va mintaqa taraqqiyoti sharoitida turli masalalar bo‘yicha ekspertiza ahamiyatga ega. Integratsiya va yaqinlashuv jarayoni yangi kun tartibini shakllantirmoqda. Hukumat, parlament va boshqa tuzilmalar tomonidan muayyan tarmoqni, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya va konsepsiya ishlab chiqish uchun mutaxassislar ko‘magi talab qilinadi. Bu jarayonda Markaziy Osiyo “aql markazlari” salohiyatidan foydalanish ayni muddao.
Davlat va mustaqil tahliliy tashkilotlar mintaqadagi eng muhim siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni o‘rganmoqda. Ular davlat idoralari va xalqaro tashkilotlarga o‘z g‘oya va tavsiyalarini taqdim etishi, mamlakatlarimiz oldida turgan dolzarb muammolar yechimini izlashda mintaqaviy muloqotga ko‘maklashishi mumkin.
Nufuzli “aql markazlari”ning aksariyati sanoati rivojlangan davlatlarda joylashgan. Ko‘pincha bunday tuzilmalar sharofati bilan muayyan mamlakatni rivojlantirish eng qulay yo‘nalish bo‘ylab amalga oshiriladi. bugungi kunda dunyoning 180 dan ortiq mamlakatida 7 000 ga yaqin “aql markazi” bor. Bu miqdorning kattagina qismi AQSH, G‘arbiy Yevropa davlatlari, Hindiston, Xitoy, Rossiya va Yaponiyaga to‘g‘ri keladi.
Mutaxassislar fikricha, tahlilni rivojlantirish, “aql markazlari”, jumladan, xususiy “aql markazlari”ni qo‘llab-quvvatlash kutilajak ijobiy o‘zgarishlar indikatoriga aylanadi. Akademik hamjamiyat va tahliliy tadqiqot institutlari o‘rtasidagi hamkorlik uchun doimiy platforma hamda muloqot maydoni yaratilishi axborot almashishga, ilg‘or tajriba bilan o‘rtoqlashishga yordam beradi. Muqobil hisobot, qo‘shma mintaqaviy tadqiqot hukumatlarga Markaziy Osiyodagi dolzarb ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni hal qilish, o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini topish bo‘yicha tavsiya ishlab chiqishga ko‘maklashishi mumkin. “Aql markazlari” yuqori darajadagi uchrashuv va konferensiyalarni tegishli tahlillar bilan ta’minlashga ham xizmat qiladi.
Mustaqil ekspertiza va diagnostika vaqt va mablag‘ni tejash, strategik va taktik xatolarni imkon darajasia kamaytirish, davlat yoki mintaqa miqyosidagi qarorlar muhokamasiga jamoatchilikni jalb etish imkonini beradi. Shu bois tashabbuskorlik va tanqidiy fikrlashni rag‘batlantirish, mintaqaviy ilmiy loyihalarni amalga oshirish mexanizmini yaratish muhim ahamiyatga ega. Ayni jarayonda grant dasturlari va qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish orqali “aql markazlari”, jumladan, nodavlat tashkilotlar vakillari uchun stajirovka o‘tash tizimini yo‘lga qo‘yish, kadrlar salohiyatini oshirish yaxshi samara beradi. Statistikani rivojlantirish, mintaqa sharoitida ishonchli axborotning ochiq va foydalanish mumkin bo‘lgan manbalari soni ko‘payishi tahliliy faoliyat faollashuviga ham turtki bo‘ladi.
Ta’kidlanganidek, tahlil davlat va tashqi siyosatning holati, rivojlanishi va istiqboli “qaymog‘i”dir. Siyosiy va iqtisodiy tahlil davlat siyosatining intellektual tayanchini tashkil etadi, muqobil nuqtai nazar bilan ta’minlaydi.
Forum yakunlari bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan “aql markazlari”, ekspertlik hamjamiyatlari o‘rtasida izchil hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, bunday tazilmalarning mintaqada konstruktiv tashqi siyosatni ilgari surish, siyosiy, iqtisodiy, geosiyosiy va boshqa masalalarda doimiy muloqot uchun platforma yaratishdagi rolini oshirish bo‘yicha taklif, tavsiyalar ishlab chiqildi.
“Yuksalish” umummilliy harakati
matbuot xizmati