APP: Pokiston va O‘mon yangi kelishuv imzoladi
Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelgan O‘mon tashqi ishlar vaziri Sayid Badr bin Hamad bin Hamud Al-Busaidiyni qabul qildi. Muzokara yakunida tomonlar strategik va iqtisodiy sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldilar.
Muloqot Hamkorlik bo‘yicha hukumatlar aro qo‘shma komissiya 8-yig‘ilishi doirasida kechdi. Uchrashuvda Pokiston Bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Ishoq Dor hamrais sifatida qatnashdi.
Shahboz Sharif o‘zaro munosabat mushtarak e’tiqod, geografik yaqinlik va ko‘p asrlik tarixiy-madaniy rishtaga asoslanganini ta’kidladi. O‘monni mintaqadagi muhim qo‘shni, ishonchli hamkor o‘laroq e’tirof etdi.
Janubiy Osiyo va Yaqin Sharqdagi vaziyat muhokama qilinganda tomonlar dunyoviy va mintaqaviy kun tartibidagi asosiy masalalar bo‘yicha qarash mushtarakligini bildirdi. Bosh vazir O‘monning nizolarni tinch yo‘l bilan, diplomatik muloqot orqali hal etishga nisbatan qat’iy yondashuvini yuqori baholadi.
Muzokara yakunida Hamkorlik bo‘yicha hukumatlar aro qo‘shma komissiya 8-yig‘ilishi bayonnomasi tasdiqlandi. Bundan tashqari media va axborot almashinuvi, tarixiy hujjatlar va arxivni boshqarish, kommunikatsiya va axborot texnologiyalari, diplomatik va rasmiy muloqotni yengillashtirishga qaratilgan qator muhim bitimlar, memorandumlar imzolandi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA