Anomal issiq tufayli ayrim hududlarda 2 soatlik elektr cheklovi joriy etildi
Energetika vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, anomal issiq tufayli mamlakatda elektr energiyasi iste’moli va ishlab chiqarish hajmi tarixiy rekord darajaga yetdi.
Xususan, 16-iyul kuni O‘zbekiston yagona energetika tizimida sutkalik elektr energiyasi iste’moli 291 million kVt·soatni tashkil etib, o‘tgan yozgi mavsumdagi eng yuqori ko‘rsatkichdan 18,4 million kVt·soatga (6,7 foizga) oshdi. Shu kuni elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham 295,4 million kVt·soatga yetib, yangi rekord o‘rnatildi.
Vazirlikka ko‘ra, anomal issiq ta’sirida elektr uzatish tarmoqlari va uskunalari me’yordan ortiq qizib, kunduzi elektr energiyasi iste’molining keskin oshishi tarmoqlardagi yuklamani yanada kuchaytirmoqda.
Shu sababli, energotizim barqarorligini ta’minlash va yirik avariyalarning oldini olish maqsadida Qashqadaryo, Jizzax, Xorazm va Toshkent viloyatining ayrim hududlarida 2 soatlik majburiy elektr cheklovlari joriy etildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA