Anjuman: qaror ijrosi ta’minlanyaptimi?
Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 8 fevraldagi “Chorvachilikni yanada rivojlantirish va chorva ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining viloyatdagi ijrosi, uning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Anjuman viloyat hokimligi, viloyat “Chorva nasl” markazi hamda bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Davlat rahbarining tashabbusi bilan chorvachilik sohasiga alohida e’tibor berilayotganligi sababli viloyat chorvachiligining barcha tarmoqlarida ijobiy o‘sishga erishilmoqda.
– bugungi kunda, viloyatda jami 1 ming 48 ta chorvachilik xo‘jaliklari mavjud, – deydi viloyat “Chorva nasl” markazi direktori Nosir Rahmatov. – Natijada qoramolchilik yo‘nalishida 416 ta – 97 ta qoramolchilik-naslchilik, 207 ta qo‘y va echkichilik, 9 ta qorako‘lchilik, 1 ta naslli echkichilik, 3 ta yilqichilik, 2 ta tuyachilik, 92 ta parrandachilik, 349 ta baliqchilik, 47 ta asalarichilik va 9 ta quyonchilik yo‘nalishidagi xo‘jaliklar tashkil etadi.
Chorvachilikda ozuqa bazasini mustahkamlash bo‘yicha viloyatdagi chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklariga ozuqabop ekinlar ekish uchun 44,4 ming gektar ekin yer maydonlari ajratilgan.
[gallery-8033]
Ta’kidlanishicha, mazkur qaror bilan chorvachilik sub’ektlariga faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan chorvachilik bo‘yicha, shu jumladan, chorva komplekslarini qurish, yirik va mayda shoxli nasldor chorva mollarini xarid qilish, chorva mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan ajratiladigan 20 milliard so‘mgacha miqdordagi kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 8 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismiga kompensatsiya, kredit summasining 50 foizi miqdorida kafillik taqdim etilishi belgilandi.
Shuningdek, chorvachilik yo‘nalishida jalb qilinadigan xalqaro moliya institutlarining kredit mablag‘lari 10 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan ajratiladi. Tijorat banklariga chorvachilik sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish, shu jumladan, aylanma mablag‘larni to‘ldirish va modernizatsiya qilish uchun mazkur qaror qabul qilingunga qadar ajratilgan kreditlarning qaytarish muddati 10 yilgacha uzaytirildi.
Qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lgan chorvachilik xo‘jaliklariga – o‘z xo‘jaliklarida va aholi xonadonlari bilan birgalikda kooperatsiya usulida yetishtirilib, go‘sht uchun realizatsiya qilingan yirik va mayda shoxli qoramollar tirik vaznining har bir kilogrammi uchun subsidiyaning miqdori 2 000 so‘mdan 4 000 so‘mga hamda sutning har bir litri uchun 200 so‘mdan 400 so‘mga oshirilgan. Paxta-to‘qimachilik, g‘allachilik klasterlarining asosiy ekin yer maydonlarining 10 foiziga almashlab ekish tizimini joriy etish hisobiga nafaqat chorvachilik xo‘jaliklari balki, aholi bilan bog‘liq bo‘lgan holda har bir tumanda kamida bittadan go‘sht va sut kooperatsiyalari tashkil etilishiga zamin yaratildi.
Anjuman davomida “Buxoro brendi” asosida ishlab chiqarilayotgan hamda qayta ishlanayotgan chorvachilik mahsulotlari ko‘rgazmasi namoyish etildi.
Ishtirokchilar Qorovulbozor tumanidagi “Buxoro agroklaster chorva” MCHJ chorvachilik kompleksi faoliyati bilan ham tanishdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA