Angrenda xususiy klinika tekshirilmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda Angrendagi shifoxonada 20 yoshli yigit “proba”siz ukol qilingani sababli 45 kundan buyon komada qolayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Xabarlarga ko‘ra, bemor Quvonchbek Murodov shamollash belgilari bilan shu yilning 31-iyul kuni Angren shahridagi “Angren medical center” xususiy klinikasiga murojaat bilan borgan hamda klinikada “proba”siz tomiriga tomchi dori yuborilishi ortidan sog‘ligi yomonlashib hushini yo‘qotgan. Ayni damda bemor Angren shahar shifoxonasida og‘ir ahvolda.
Angren shahridagi xususiy tibbiyot muassasasida tibbiy yordam ko‘rsatilganidan so‘ng fuqaroning sog‘lig‘i og‘irlashgani haqidagi ushbu xabarlarga bildirilgan rasmiy munosabatda mazkur holat Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan nazoratga olingani ta’kidlangan.
Holatni har tomonlama va xolis o‘rganish maqsadida boshqarma tomonidan ishchi guruh tuzilib, xizmat tekshiruvi tayinlangan.
Shuningdek, tekshiruv jarayonida bemorga ko‘rsatilgan tibbiy yordam sifati, davolash jarayoni va holatning kelib chiqish sabablari tegishli mutaxassislar ishtirokida o‘rganilishi, tekshiruv natijalari asosida holatga huquqiy va tibbiy jihatdan baho berilishi hamda qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilishi aytilgan.
O‘zA