Anesteziologlar malakasi oshirilmoqda
So‘nggi yillarda nafaqat poytaxtdagi shifo maskanlari, balki viloyat va tumanlardagi tibbiyot muassasalarida ham yuqori texnologik murakkab jarrohlik amaliyotlari amalga oshirilmoqda.
Albatta, bu jarrohlik amaliyotlarining muvaffaqiyatli o‘tishi qisman bo‘lsa-da, anesteziologlarning bilim va salohiyatiga ham bog‘liq. Shu bois anesteziologiya yo‘nalishidagi yangiliklarni keng ommalashtirish, xususan, mahalliy shifokorlarning bu boradagi bilim va malakasini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda Toshkent shahar tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini oshirish markazi anesteziologiya-reanimatsiya kafedrasi professori, tibbiyot fanlari doktori D.Sobirov va mazkur kafedra dotsenti S. Haydarovalar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Navoiy filialida bo‘ldi.
Viloyat anesteziolog va reanimatologlari bilan uchrashuv jarayonida sohadagi dolzarb masalalar, tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan jihatlar muhokama etildi.
Uchrashuv so‘nggida anesteziologiya-reanimatsiya bo‘limida davolanayotgan bemorlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga tegishli tavsiyalar berildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri