Andijonlik ijodkorlar taqdirlandi
Andijon shahridagi “Ma’rifat uyi”da mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayramiga bag‘ishlanib, “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanimiz!” shiori ostida an’anaviy “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovining viloyat bosqichi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Xurshida Vahobjon qizi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Maxpuraxon Artiqova va boshqalar tomonidan mamlakatimizda mustaqillik yillarida erishilgan ulkan yutuqlar, bunyodkorlik ishlari, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga ijod ahlining qo‘shayotgan beqiyos hissasi, yurtimizda ijodkorlarning samarali ijod qilishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishda “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovi muhim ahamiyat kasb etayotganligi alohida ta’kidlandi.
Tanlovda 12 nafar shoir va yozuvchining 15 ta kitobi, bosma ommaviy axborot vositalari 19 nafar vakilining 80 ga yaqin maqola va boshqa ijodiy materiali, 10 nafar televideniye va radio ijodkorlarining 50 ga yaqin ko‘rsatuv va radioeshittirishi, 8 nafar internet-jurnalistikasi vakilining 40 dan ortiq materiali, publitsistika yo‘nalishidagi ijodkorlarning 10 ga yaqin kitobi, shuningdek, 15 nafar musavvir, xalq amaliy san’ati vakili, fotograf va dizaynerlarning 45 dan ortiq ijodiy ishi ko‘rib chiqildi.
– Tanlov ko‘rgazmalarida namoyish etilgan ijodiy ishlarning o‘ziga xosligi, mazmunan boyligini, rang-barangligini alohida e’tirof etish joiz, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Maxpuraxon Artiqova. – Ana shu asarlarda istiqlol g‘oyalari, xalqimiz ma’naviyati, ong va tafakkuridagi o‘zgarishlar o‘ziga xos talqin etilganligi ahamiyatlidir.
[gallery-18928]
Tanlov ishtirokchilari istiqlol xalqimiz uchun ulug‘ ne’mat ekanligi, yurtdoshlarimiz ma’naviyati va tafakkuridagi o‘zgarishlar, Yangi O‘zbekistonni shakllantirish va inson qadrini ulug‘lash mavzulari keng aks etgan, shuningdek, mustaqillik yillarida yurtimizda, xususan, Andijonda qo‘lga kiritilayotgan ulkan yutuqlarni, bunyodkorlik ishlarini, xalqimizning urf-odatlari, milliy qadriyatlarini badiiy asarlar, bosma va elektron ommaviy axborot vositalari orqali yoritilgan ijodiy ishlar, fotografiya, dizaynerlik ishlari hamda tasviriy san’at asarlari orqali ko‘rsatib berdi.
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, adabiyot nominatsiyasi bo‘yicha “Umr bekati", "So‘nggi manzildagi uzr” nomli kitoblari uchun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Asadullo Mirzaakbarov, teleradio nominatsiyasi bo‘yicha “O‘zbekiston-24” teleradiokanali muxbiri Shoira Umrzoqova, bosma ommaviy axborot vositalari tahririyatlari, jurnalistlarning ijodiy ishlari nominatsiyasi bo‘yicha “Asaka hayoti” gazetasi jamoasi, internet jurnalistikasi nominatsiyasi bo‘yicha erkin jurnalist Abduvali Qurbonov, publitsistika yo‘nalishidagi ijodkorlar o‘rtasida jurnalist Najmiddin Ikromiy, tasviriy san’at, foto va dizayn nominatsiyasi bo‘yicha Maribjon Ro‘ziboyev taqdim etgan asarlari, ijodiy ishlari bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
– Tahririyatimiz jamoasi tanlovda jamiyatimizda, xususan, tumanimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonlar, zamonamiz qahramonlari hayoti, faoliyati yoritilgan ijodiy ishlar bilan ishtirok etdi, – deydi “Asaka oqshomi” gazetasi muharriri vazifasini bajaruvchi Shohjaxon G‘ofurov. – Ijodiy ishlarimiz e’tirof etilib, g‘oliblar qatoridan joy olganligimizdan behad xursandmiz. Ushbu e’tirof, muvaffaqiyat jamoamizga shijoat va ilhom bag‘ishlaydi.
Barcha nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlarga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA