Andijonda lift ishlab chiqariladi
Ayni kunlarda Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi Andijon viloyati delegatsiyasi Xitoy davlatida xizmat safari bilan bo‘lib turibdi.
Andijon viloyati hokimligi Matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat delegatsiyasi Xitoyning Tyanszin shahridagi qator kompaniyalar bilan hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
Dastlab viloyat delegatsiyasi bankomat, lift, eskalatorlar ishlab chiqarish va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha Xitoydagi yetakchi kompaniyalardan biri “Cashway Fintech Co. LTD” kompaniyasi rahbariyati bilan Andijonda lift ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi. Muzokaralar natijasida kompaniya tomonidan 30 million dolllar investitsiya kiritish hisobiga Andijonda lift ishlab chiqrish loyihasini amalga oshirish yuzasidan kelishuv imzolandi.
Shundan so‘ng viloyat delegatsiyasi Xitoydagi “Sinopharm” xalqaro korporatsiyasida bo‘lib, korporatsiya rahbariyati bilan Andijonda import o‘rnini bosuvchi va eksportbop farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Umumiy qiymati 50 million AQSH dollariga teng mazkur loyiha “Sinopharm” xalqaro korporatsiyasi hamda “Makro Farm Andijon” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshiriladigan bo‘ldi.
Andijon viloyati hokimi boshchiligida delegatsiya Xitoyning muhim sanoat hududlaridan biri bo‘lgan Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tgan biznes forumda ham ishtirok etdi.
Xitoylik ishbilarmonlar, yetakchi kompaniyalar vakillari qatnashgan forumda Andijonning Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlik salohiyati va imkoniyatlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.
Forum doirasidagi biznes kelishuvlarga ko‘ra, Andijon hamda Xitoyning 10 dan ortiq kompaniyasi o‘rtasida umumiy qiymati 1,2 milliard dollarlik shartnoma va memorandumlar imzolandi.
Shartnomalar doirasida Andijonda charm poyabzal, elektromobillar uchun akkumulyatorlar, lift ishlab chiqarish, metall konstruksiyalar tayyorlash, qalampir yetishtirish va qayta ishlash, shuningdek, GESlar qurish bo‘yicha loyihalar amalga oshiriladi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri