Andijonda davlat zaxirasidagi yer maydonini noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi
Andijon viloyatida bank xizmatlari markazi boshlig‘i va irrigatsiya tizimi xodimi til biriktirib, tuman hokimligi zaxirasidagi yerni 39 ming AQSH dollariga rasmiylashtirib berishni va’da qilgani aniqlandi.
Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida Andijon viloyati Marhamat tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tekshiruvlar davomida tumanda faoliyat yurituvchi bank xizmatlari markazlaridan birining boshlig‘i hamda «Norin-Qoradaryo» irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mashinisti o‘zaro til biriktirib, 1989-yilda tug‘ilgan fuqaroning ishonchiga kirgani aniqlandi.
Ular Marhamat tumani hokimligi zaxirasida bo‘lgan 24 sotix yer maydonining go‘yoki turarjoy toifasiga oid hujjatlari mavjudligini vakolatli tanishlari orqali kelgusida ushbu fuqaro nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilishgan. Buning evaziga 39 ming AQSH dollari talab qilishgan.
Olib borilgan tezkor tadbir davomida mashinist kelishilgan summadan 25 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zA