Andijonda chiqindilar qayta ishlanmoqda
Andijon viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi va uning tuman, shahar bo‘limlari tomonidan joriy yilning o‘tgan 8 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar, sohaga oid qarorlar ijrosi yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar, ijtimoiy tarmoq faollari ishtirok etgan anjumanda boshqarma boshlig‘i A. Akbarov hamda mutaxassislar tomonidan shu yilning sakkiz oyi davomida amalga oshirilgan ishlar haqida keng ma’lumotlar berildi.
[gallery-13520]
Shundan so‘ng boshqarma va viloyat prokuraturasi hamkorligida Andijon tumanidagi chiqindilarni qayta ishlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi “Texno-innovator” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga press-tur tashkil etildi.
Press-tur oldidan mutasaddilar tomonidan viloyatda chiqindilarni, yig‘ish, qayta ishlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ham ma’lumotlar berildi. Jumladan, bugungi kunda Andijon viloyatida qattiq maishiy chiqindilarni saralab, qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi 10 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyat ko‘rsatayotganligi ta’kidlandi. Ana shu korxonalar tomonidan joriy yilning birinchi yarmida 49 ming 612 tonna chiqindi saralanib, ikkilamchi xom-ashyo sifatida qayta ishlangan.
Umuman, viloyatida 2023 yilning birinchi yarmida qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash rejasi belgilangan 25 foiz o‘rniga amalda 28 foizga bajarildi. Yil yakuniga qadar qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasini mazkur yo‘nalishda yangi korxonalarni ishga tushirish, mavjud korxonalar imkoniyatlarini kengaytirish hisobiga 49,5 foizga yetkazishi rejalashtirilgan.
Press-tur ishtirokchilari “Texno-innovator” mas’uliyati cheklangan jamiyatida chiqindilarni yig‘ish, qayta ishlash, hosil bo‘lgan xomashyodan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
– Korxonamiz 2008 yilda o‘z faoliyatini boshlagan, – deydi “Texno-innovator” MCHJ menejeri Shohruxbek Mirzayev. – Xitoy davlatining zamonaviy texnologiyalari asosida ish olib boruvchi korxonamizda plastik chiqindilar qayta ishlanib, 200 dan ortiq turdagi sifatli plastik mahsulotlar ishlab chiqariladi. Bundan tashqari, Asaka avtomobil zavodi hamda “O‘zDongYanko” O‘zbekiston – Koreya qo‘shma korxonasiga avtomobillar uchun bir necha turdagi plastmassa ehtiyot qismlar ham yetkazib beriladi.
Birgina o‘tgan yilning o‘zida korxonamiz tomonidan 380 tonna ikkilamchi xom ashyo qayta ishlanib, 324 tonna tayyor mahsulot ishlab chiqarildi. E’tiborlisi, bozorni o‘rganish, omilkorlik va sifatga alohida e’tibor berilayotganligi bois, aholi ehtiyoji uchun zarur, xaridorgir mahsulotlarimizning deyarli yarmi qo‘shni Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘iston davlatlariga eksport qilinmoqda.
Umuman, korxonada yiliga 15 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilsa, shundan 7 milliard so‘mlik mahsulot eksport qilinadi.
Korxonada faoliyat olib borayotgan 70 nafar kishining samarali ish olib borishi uchun zarur barcha sharoit yaratilgan.
Shuningdek, korxonada yangi-yangi loyihalarni amalga oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, ana shunday loyihalarning biri doirasida yaqin kunlarda korxonaga yana 8 ta yangi maxsus, zamonaviy dastgoh olib kelib o‘rnatiladi. Buning hisobiga ishlab chiqarish hajmi 35 foizga ortadi, shu bilan birga, yana 20 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Press-tur davomida mutaxassislar korxona faoliyati bo‘yicha jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob qaytardi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari