Ana Brnabich: O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi muhim va ishonchli hamkorimiz
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Serbiya Milliy assambleyasi Spikeri Ana Brnabich bilan uchrashdi.
Unda keyingi yillarda O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilgani, davlat rahbarlari o‘rtasidagi ochiq va ishonchli muloqot ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
T.Norboyeva mamlakatlarimiz o‘rtasida oliy darajada erishilgan kelishuvlar amalda o‘z samarasini berayotganini, ularni hayotga to‘laqonli tatbiq etilishida parlamentlararo muloqot muhim vositalaridan biri ekanini qayd etdi.
A.Brnabich O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi muhim va ishonchli hamkor sifatida baholab, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan e’tirof etdi.

– Mamlakatingizning o‘zaro hurmat va do‘stlikka asoslangan tashqi siyosatini qadrlaymiz, – dedi Serbiya parlamenti rahbari.
Muloqot davomida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, parlamentlararo komissiyalar faoliyatini faollashtirish, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Mavjud salohiyatdan yanada samarali foydalanish va o‘zaro manfaatli loyihalarni kengaytirish muhimligiga e’tibor qaratildi.
Tomonlar parlamentlararo muloqotni yanada faollashtirish, delegatsiyalar almashinuvini kengaytirish va hududlararo hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi.
Senat Raisi Serbiya parlamenti vakillarini joriy yil sentabr oyida Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Parlamentlararo ittifoqning 12-Global yosh parlament a’zolari konferensiyasida ishtirok etishga taklif etdi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Serbiya Milliy assambleyasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan Anglashuv memorandumi imzolandi.
Norgul Abduraimova, O‘zA