Amir Temur – faxrimiz, g‘ururimiz
-
Biz birinchi navbatda o‘zimizning bobolarimiz tarixini o‘rganishimiz kerak. Afsuski biz ko‘p yillar boshqalar tarixini, bizga aloqasi bo‘lmagan janglarni o‘rgandik.
Shavkat Mirziyoyev

Respublikamizning barcha go‘shalarida Sohibqiron Amir Temur hazratlarining 687 yillik tavallud ayyomlari keng nishonlanmoqda. bugungi uchinchi renesans bunyodkorlari bo‘lmish yoshlarimizning ulug‘ bobokalonimiz shaxsiyati va ibratli hayot yo‘liga bo‘lgan qiziqishi har qachongidan ham ortib bormoqda.
XIV asrning ikkinchi yarmi XV asr boshlarida Sohibqiron Amir Temur tuzgan markazlashgan davlatning shuhrati butun jahonga mashhur bo‘ldi. Ayniqsa, uning boshqaruv tizimi o‘z zamonasining eng ilg‘or g‘oyalari, siyosiy va huquqiy qarashlarini o‘zida aks ettirganligi va qat’iy qonun-qoidalar asosiga qurilganligi bilan o‘zbek davlatchiligi tarixida alohida o‘rin tutadi. Bu qonun-qoidalar Amir Temurning “Temur tuzuklari” asarida o‘zining to‘liq aksini topgan.
Dunyoning turli tillariga tarjima qilingan ushbu asar davlatni idora qilish usullari, iqtisodni, savdo-sotiqni rivojlantirish yo‘llari, xalqaro munosabatlarni yo‘lga qo‘yish me’yorlari, qo‘shinni tashkil etish qoidalari va urushlarda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan turli harbiy taktikalar singari qator siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, harbiy nazariya va me’yorlar – tuzuklarni o‘z ichiga olgan. “... Davlat agar dinu oyin asosida qurilmas ekan, to‘ra tuzukka bog‘lanmas ekan, - deb yozgan edi Amir Temur, -unday saltanatning shukuhi, qudrati va tartibi yo‘qoladi. Bunday saltanat yalang‘och odamga o‘xsharkim, uni ko‘rgan har kimsa, nazarini olib qochadi. Yoxud kas-nokas tap tortmay kirib chiqadigan tomsiz, eshigi-to‘sig‘i yo‘q uyga o‘xshaydi. Shuning uchun ham men o‘z saltanatim binosini dinu islom, to‘ra va tuzuk asosida mustahkamladim. Saltanatni boshqarishda uchragan har qanday voqea va ishni to‘ra-tuzuk asosida bajardim”.
Amir Temur mahalliy hokimiyatga ham adolatli, ishbilarmon kishilarni tayinlagan va ulardan el – yurtni muhofaza qilish, raiyatni soliq undiruvchilarning zulmidan himoyalash, yurtni obod etish, mazlumlar muhofazasini tashkil etishni talab qilgan.
Amir Temur davlatida sud ishlariga mamlakat miqyosida bosh qozi yetakchilik qilgan. Shariatga oid ishlar bilan islom qozisi, urf-odat, kundalik ishlar bilan ahdos qozisi, harbiy hayotda yuz beradigan huquqiy masalalar bilan askar qozisi shug‘ullangan va ular bosh qoziga bo‘ysunganlar.
Amir Temur davlati harbiy kuchlari, uning tuzilishi, harbiy san’at va mahoratining o‘z davrida taraqqiy etishi, qo‘shinning saltanatda tutgan mavqei xususida “Tuzuklar”da, qator tarixiy manbalarda, xususan G‘iyosiddin Alining ”Hindiston kundaligi”, Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”, Zaxiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” kabi asarlarida, ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixo va yevropalik ritsar Shiltbergerning “Kundalik”larida uchraydi. Shuningdek, muarrixlardan Hofizi Abro‘, Sharofiddin Ali Yazdiy, Abdurazzoq Samarqandiy asarlarida ham yuqoridagi mavzu bo‘yicha ko‘plab qiziqarli ma’lumotlar berilgan.
“Temur tuzuklari”da davlatning asosiy tayanchlaridan biri bo‘lgan qo‘shinni tuzish, qo‘shin boshliqlarini tanlash, tarbiyalash, joylashtirish, harbiy martabalarga ko‘tarish, navkar va sarbozlarni qurollantirish, qo‘shinda intizomni saqlash, uning jangovorligini oshirish, mahoratiga ko‘ra jangchilarni taqdirlash, maosh hamda nafaqa belgilash masalalariga ham katta ahamiyat berilgan. Amir Temur qo‘shinni boshqarishda amirlik mansabini joriy etgan bo‘lib, u o‘ziga eng yaqin mahoratli bahodirlardan 313 kishiga amirlik mansabini bergan. Ulardan bir kishini amir ul-umaro (amirlar amiri), 12 kishini o‘n ikki darajadagi amir, 100 nafarini mingboshi, yana shunchasini yuzboshi, o‘nboshi etib tayinlagan. Amirlar mingboshilarga, mingboshilar yuzboshilarga, yuzboshilar o‘nboshilarga boshliq etib tayinlangan.
Amir ul-umaroning hukmi yurishlarda, urushlarda amirlar va butun sipoh tomonidan so‘zsiz bajarilishi lozim bo‘lib, sohibqiron yo‘q vaqtida u o‘rinbosar vazifasini bajargan. 12 darajadagi amirlardan birinchisi darajalisi 1000 kishiga, ikkinchi darajalisi 2000, uchinchisi 3000 va shunga mos ravishda o‘n birinchisi 11000, o‘n ikkinchi darajalisi 12000 kishiga buyruq berish huquqiga ega bo‘lgan. Amirlik tartibiga ko‘ra birinchi darajadagi amir ikkinchi darajadagi amirning, ikkinchi darajadagi amir uchinchi darajadagi amirning va shu tartibda o‘n birinchi amir o‘n ikkinchi amirning, o‘n ikkinchi amir amir ul-umaroning o‘rinbosari qilib belgilangan, qaysi bir amirga biror kor-hol bo‘lsa, uning o‘rnini o‘rinbosari egallagan.
XIX asr rus harbiy tarixchisi M.I.Ivanin Amir Temurning harbiy san’ati xususida “Hali bironta ham xalq qo‘shinini to‘g‘ri saflashni bilmay, tartibsiz va taktik harakatlarsiz, faqat o‘zidagi jasorat darajasi bilan uzuq-yuluq jang qilayotgan bir paytda Temurning to‘g‘ri saflangan, bir necha yo‘nalishdan iborat muntazam tartib bilan jangga kiruvchi, kuchli zaxiraga ega bo‘lgan, qudratli armiyasi bor edi” deya o‘zining yuqori va xolis bahosini bergan edi. O‘rta asr tarixchilaridan Sharofuddin Ali Yazdiy ham “Zafarnoma “asarida “hali hech kim o‘ylab topmagan uslubni Sohibqiron o‘ylab topib, qo‘llaganligini” alohida qayd etgan edi. Amir Temur qo‘shinida o‘sha davr uchun xos bo‘lmagan yana bir holatni ko‘rish mumkin. Uning qo‘shinida ayollardan tuzilgan bo‘linmalar ham bo‘lib, ular erkaklar bilan bir qatorda jangga kirgan. Mazkur hol ham o‘rta asr musulmon sharqi uchun mutlaqo yangilik edi.
Amir Temur harbiy qo‘shin tarkibini doim boyitib va kengaytirib, har qanday sharoitda ham jang olib borishlari uchun moslashtirib turgan. Harbiy yurishdan avval chiqarilgan mashvaratlardan so‘ng, hukmdorning maxsus buyrug‘i-tunkal e’lon qilingan. Tunkal-qo‘shin to‘plashga qaratilgan maxsus buyruq hisoblangan. Farmon (tunkal) tegishli joylarga bosh qo‘mondonning ad’yutanti-tavochi tomonidan tezlik bilan yetkazilgan. Tavochining zimmasiga askar jam etishdan tashqari qo‘shin qismlarining qarorgoh yoki safardagi o‘rni, jangovar tartibni hamda bir joydan ikkinchi joyga ko‘chishning nazorat qilish ham yuklatilgan edi. Tunkalga ko‘ra, viloyat hokimlari, tegishli hududlar beklari, qal’a, qo‘rg‘on dorug‘alarining Amir Temur tomonidan tuzilgan ro‘yxatga ko‘ra, o‘z jangchilari, zarur ot-ulovi, qurol-yarog‘i, oziq-ovqati, yem-xashagi bilan belgilab qo‘yilgan joyga o‘z vaqtida yetib kelishi shart bo‘lgan. Avvaldan maxsus tanlab, belgilab qo‘yilgan joyda oliy bosh qo‘mondonning qarorgohi tikilgan va turli rangdagi tug‘ hamda bayroqlar bilan bezatilgan. Belgilangan vaqtda lashkargohga yetib kelgan askarlar qat’iy tartib va intizom bilan o‘z marralarini egallagan hamda yurish oldidan o‘tkazilajak an’anaviy harbiy ko‘rikka puxta tayyorgarlik ko‘ra boshlagan. Amir Temur harbiy yurish vaqtida tajribali sipohiylarga katta ishonch bildirganki, bu "Temur tuzuklari"da ham o‘z ifodasini topgan.
Amir Temurning jangovar taktikasiga muvofiq, agar dushman 12 000 dan ortiq, lekin 40 000 dan kam jangchiga ega bo‘lsa, Sohibqiron ularga qarshi 40 000 ming kishidan kam bo‘lmagan qo‘shin jo‘natgan. Lashkarboshi sifatida o‘z o‘g‘illaridan birini tayin etib, uning oldiga 2 nafar tajribali amir va boshqa harbiylarni qo‘ygan. Bu borada jangovar tartib quyidagicha bo‘lgan. Qo‘shin 14 qismga bo‘linib, bu qismlardan biri umumiy korpus sonining 1/3 qismidan kam bo‘lmagan miqdorida sarkarda boshchiligida zaxirada turgan, o‘ng va so‘l yonini tashkil etgan, o‘ng va chap qanotlar avang‘orlari oldida yana birinchi chiqish tashkil etgan, bulardan ham bittadan qism avang‘or sifatida ajratib olingan, bu qismlarga yaxshi qurollangan, tajribali jangchilar tayin etilgan, ular jang vaqtida suron ko‘tarishlari va dushman avang‘orini sarosimada qoldirishlari kerak edi.
Dushman qo‘shini soni 40 mingdan ko‘proq bo‘lganda, unga qarshi Amir Temurning o‘zi borgan. Bunday paytda qo‘shin jangga quyidagicha tayyorlangan: 40 ta bo‘linma bevosita Amir Temur ixtiyorida bo‘lgan. Eng saralangan 12 ta bo‘linma birinchi-qatorni, qolgan 28 tasi ikkinchi va uchinchi qatorlarni egallagan. O‘g‘li va nabiralari boshchilik qiladigan qo‘shinlar ko‘rsatilgan 40 ta bo‘linma o‘ng tomonining old qismida, qarindoshlari va ittifoqchilari boshchilik qilayotgan qo‘shinlar esa uning chap tomoni old qismida joylashgan. Keyin qanot, qator va boshqa bo‘linmalar bo‘lgan.
Amir Temur jang vaqtida tezlik bilan boshqarishga katta e’tibor qaratgan. U o‘nlik, yuzlik, minglik, o‘n minglik qo‘mondonlarni tanlash ishiga shaxsan rahbarlik qilgan. Lashkarboshilik salohiyatiga ega bo‘lgan qo‘mondonlarning to‘g‘ri tanlanganligi va o‘z joyiga qo‘yilganligi aksariyat holatlarda jang natijasining muvaffaqiyatli yakunlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Amir Temurning harbiy san’at taraqqiyotiga qo‘shgan katta xizmatlaridan yana biri – qo‘shin qanotlarini jang vaqtida dushman hujumidan muhofaza qilish va aksincha, dushman kuchlarini yon tomonidan aylanib o‘tib, unga orqa tomonidan zarba berish hisoblanadi. Bunday mutlaqo yangi harbiy qism ilgari o‘tgan hech bir mashhur sarkardalar (Aleksandr Makedonskiy, Buyuk Fridrix, Chingizxon va boshqalar) qo‘shinida bo‘lmagan, ta’kidlash joizki, Napaleon armiyasining jangovor tartibida qo‘shin qanotlarini himoyalovchi qism bo‘lgan. Harbiy mutaxassislarning tadqiqotiga ko‘ra, Napaleon o‘z vaqtida Amir Temur qo‘shinining tuzilishi, jang olib borish yo‘l-yo‘riqlarini sinchiklab o‘rgangan. Sohibqiron taktik usullarini lozim bo‘lib qolgan vaqtida o‘zlashtirgan ham.
Amir Temur o‘z davridagi davlatning harbiy tizimini san’at darajasiga olib chiqib, katta obro‘ e’tiborga sazovor bo‘ldi. Sohibqiron boshqa sarkardalardan farqli ravishda qo‘shiniga o‘zi namuna ko‘rsatgan. U eng og‘ir vaziyatlarda dastlab o‘zi jangga kirgan va bu bilan qo‘shinni ruhlantirgan. Uning sa’y-harakatlarida tezlik, mashvarat, maxfiylik, vaziyatni to‘g‘ri baholash hamda uni o‘z nazoratida ushlab turish, to‘g‘ri qarorga kela bilish sifatlari ustun bo‘lgan. Amir Temur harbiy san’atining yana bir ko‘rinishi shunda bo‘ldiki, u har vaqtda bir necha yerga urush boshlar, yurishlari haqida ovozalar tarqatar, aslida esa uning qo‘shini boshqa joyda paydo bo‘lar edi. Bu xususda hamma vaqt ham Amir Temurga nisbatan xolis bo‘lmagan ibn Arabshoh ham uning bu harbiy san’atiga tan berib, o‘z mulohazalarini bayon etgan edi.
Amir Temur o‘z “Tuzuklari”da shunday deya yozgan edi: ”Tajribamdan sinab bildimki, jangning sir-asrorini, g‘anim askarlarini sindirish yo‘lini bilgan, urush qiziganda o‘zini yo‘qotmasdan, qo‘l-oyog‘i bo‘shashmasdan lashkar favjlarini jangga boshlay oladigan, agar qo‘shini safiga raxna tushsa, uni tezda tuzata oladigan kishigina amirlik va hukmronlikka loyiqdir”. ”Temur tuzuklari”da aynan jasorat namunalarini ko‘rsatgan amirlar haqida ham ma’lumotlar uchraydi.
“Adolat kuchda emas, kuch adolatdadir” qoidasini kashf etgan Amir Temur uch ming yillik o‘zbek davlatchiligi taraqqiyotini yuqori bosqichga ko‘tarish bilan bir qatorda bizga mustaqil davlat boshqaruvi uchun “Temur tuzuklari”dek qimmatli siyosatnoma va qonunnoma asarini qoldirdi. Davlatni boshqarishga oid qonun-qoidalarni o‘z ichiga olgan “Temur tuzuklari” olti asrdan beri o‘z ahamiyatini yo‘qotmay kelmoqda. Sohibqironning tengsiz aql-zakovati, iste’dodi va hayotiy tajribasi bilan yo‘g‘rilgan bu asar o‘z davrida hozirgi Konstitutsiya va qonunlar majmuiga xos vazifani o‘tadi. ”Temur tuzuklari” Amir Temur davlatining huquqiy asosini tashkil etdi. Bu asar nafaqat o‘z davri, balki bugungi kun va kelajak uchun ham katta ahamiyat kasb etuvchi qomus bo‘lib qoladi.
Xerman Vamberining ”Buxoro yoxud Movaraunnahr tarixi” nomli asari Amir Temur yashagan davr haqida qimmatli ma’lumotlar beradi. Amir Temur haqida o‘z asarida: ”Haqiqiy hukmdor har bir qavm va qabilani ularga zulm qiluvchilardan ozod etishga huquqlidir. Ushbu nuqtai-nazardan qarab, men Xurosonni fath etdim. Fors, Iroq, Shom mamlakatlarini bo‘ysundirdim” deb yozadi. Uning tarjimai holini yozganning rivoyaticha, Temur shoirning ushbu so‘zini qayta-qayta takrorlar ekan: ”Olloh yolg‘iz, bitta bo‘lgani kabi podshoh ham bitta bo‘lishi lozim. Butun dunyo ulug‘ xonning yakka hokimligiga nisbatan hechdir”...
Amir Temur yurishlari, undagi jang tafsilotlari va sohibqironning adolatli qarorlari Sharofiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida batafsil keltirilgan. ”Zafarnoma”da shunday keltiriladi: “Ko‘p jang-jadaldan so‘ng, zafar (tasvirini) chizuvchi qilichning dami bilan dushmanlar tutqinligining jabr-zulmini yo‘q qilib (asirdagi ) askarlarni qutqarib oldi. Ul hazratning davlat ilhomining tarjimoni bo‘lmish muborak tilidan: ”Men qilgan hamma janglarda va yuz bergan barcha qiyinchiliklarda ushbu jangdagiday qattiq bo‘lganini ko‘rmaganman” deb aytganini qayd etmishlar. Ul tomonidan ellikta piyoda qalqonlarni boshlariga ko‘tarib yana bir marta ul hazratga yuzlandilar va (aslida) dushmanlar joni uzra yog‘ishi kerak bo‘lgan o‘q yomg‘irini Sohibqiron tomon yo‘lladilar.”
Ushbu jangda qatnashayotgan Elchi-Bug‘o jang maydoniga kirib kelib Sohibqironga qarshi kurashayotgan jangchilarga “Sizlar ko‘rib turgan shaxs, bu o‘sha kishi, ya’ni hazrat Sohibqiron (Amir Temur) erur, u sizlarning asirga olingan odamlaringizni bo‘shatib qaytarib beradi. Bas shunday ekan, nega behudaga urushasizlar, bilib qo‘ying, agar halok bo‘lsangiz yoki asir olinsangiz gunoh sizning bo‘yningizda bo‘ladi” dedi. Piyodalar ul humoyun Hazratning nomini eshitgach, jasorat qo‘lini urushmoqdan tortdilar va faqirlik boshini egib, adab tilini yer o‘pmoqlik rasmi bilan hozirladilar; ulardan ikki kishi bechoralik oyog‘i ila oldinga yurib hazrat Sohibqirondan yalinib-yolvorib omonlik tiladi. (Ul hazratdan): ”Askarlardan olgan ot va jibo barchasini to‘plab ertaga ertalab olib kelib topshiring, shunda sizlardan asir olinganlarni o‘zingizga qaytarurmiz” degan ishorat sodir bo‘ldi. Ular buyruqqa bo‘ysunib, rozilik barmog‘ini taslim bo‘lmoqlik ko‘ziga surdilar”.
Amir Temur o‘z faoliyatida adolatni hamisha birinchi o‘rinda qo‘yganini uning davlatlar bilan olib borgan yozishmalarida ham ko‘rishimiz mumkin. ”Amir Temur jang sodir bo‘lgunga qadar olib borilgan yozishmalarining aksariyatida g‘animiga sulh taklif etgan, diplomatiyaning ogohlantirish usuliga tayangan, bu takliflar rad etilganda ham ziddiyatlarni urush bilan yakunlamaslikka intilgan. Misr bilan olib borilgan qariyb yigirma yillik munosabatlar ham fikrimiz dalilidir.
U o‘z dushmanini hurmat qilgan, har doim bergan va’dalarini ustidan chiqqan, g‘animining yo‘qligi va boshqa vaziyatdan foydalanib nomardlarcha uning yerlariga daxl qilmagan”.
Amir Temurning davlatlar bilan munosabatlarda ajoyib diplomat ekanligini ko‘rishimiz mumkin. ”Qissai Temur (“Malfuzoti Temuriy”) nomli asarda “Iroqayn hokimlarining arizalari yetishtikim: Ildirim va Gurjiston va Ozarbayjon kofirlari isyon yo‘liga qo‘ydilar.O‘zimga kengash qildimkim, agar alarning daf’ida ihmol etsam yana bir fasod va tug‘yong‘a kirgusidirlar. Bas alar daf’ida shitob etdim va ul lashkarnikim, Hind yasoqidin yangi kelib erdilar, o‘z ixtiyorlarida qo‘ydimkim, har kimsa hamrohlik qilsa qilsun, o‘zlari bilsun. Va Xuroson va Qandahor va Seyiston va Tabariston va Gilon va Mozandaron va Fors lashkarig‘a yorug‘ yozdimkim, tozadin yasoq etib, Isfahonda manga qo‘shulsunlar, Chun lashkar jam bo‘ldi, sipohiylar ma’qul etgan kengashg‘a amal qildim va boshimg‘a fulod dubulg‘a va egnimga dovudiy sovut kiyib murossa’ qilich osdim va Turon bahodirlari va Xuroson palanglari va Jurjon va Gilon va Mozandaron nahanglarig‘a kohish bilan na’ra urdimkim, Sivos Qal’asi va Gurjiston qal’alarin jabran va qahran bosib olib musaxxar qildim. Va ul qal’alar g‘anoyimin lashkarg‘a uloshturdim. Andin so‘ng Malata va Zobuliston qal’alari tasxirig‘a yuz qo‘ydim. Va chun alar siyosatim xabarin eshittilar xavfdin alar fikrida erdilarkim, Katur va G‘ur va G‘arjiston kuhistonlarining palanglari hamla qildilar. Avvalg‘i hamladayoq ul qal’alarni mavtuh ettilar. Ersa Xalab va Hums tashirig‘a bordim va ani ham avvalg‘i hamlada fath etdim.”
Amir Temur “Qissai Temur”da o‘zining taktikasini batafsil yoritgan. Undan Amir Temurni qanchalik zukko va haqiqiy strateg, taktik sarkarda bo‘lganligini bemalol ko‘rish mumkin.
Butun umr ezgulikni va adolatni shior qilib olgan Amir Temur xalq mehrini qozondi, qudratli davlat tashkil etdi, davlat manfaatini hamisha va har qanday vaziyatda ustun qo‘ygani uchun Turonning buyuk qahramoniga aylandi. O‘z sarkardalik mahorati bilan xalq dilidan joy olgan so‘zida ham, ishida ham faqat adolatga suyangan, o‘z asrida insonparvarligi, bag‘rikengligi, xalqqa xizmat qilgani uchun o‘z davrining suyukli sarkardasiga aylangan.
Buyuk sarkardaning davlatchilik va diplomatiya, harbiy mahorat, bunyodkorloik, ilm va fan, san’at va me’morchilikka oid qarashlari, hayot va ezgu amallar haqidagi o‘gitlari hamisha el manfaatlarini o‘ylab amalga oshirgan islohotlari, betakror fazilatlari uning “Temur tuzuklari“ asarida o‘z ifodasini topgan. Shuning uchun ham ushbu asar asrlar osha o‘lmas durdona sifatida qadrlanib keladi.
Rahbar Holiqova,
Tarix fanlari doktori, proffesor
O‘zA