Amir Temur davlatchiligi: adolat, tadbir va kengash tamoyillari
Bugungi kunda mamlakatimizda buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temurning boy tarixiy merosini o‘rganish, uning davlatchilik an’analarini chuqur tahlil qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi tegishli qarori alohida ahamiyatga ega.
Mazkur qarorga muvofiq, joriy yilda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlanmoqda. Shuningdek, har yili aprel oyi “Amir Temur oyligi” deb e’lon qilinib, ta’lim muassasalari va mahallalarda temurshunos olimlar, yozuvchi va san’atkorlar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilishi belgilangan.
Bu esa, o‘z navbatida, Amir Temurning davlat boshqaruvi, adolat, qonun ustuvorligi va xalqparvarlikka asoslangan g‘oyalari bugungi kunda ham dolzarb ahamiyatga ega ekanini yana bir bor namoyon etmoqda.
Amir Temur shaxsi va uning davlat boshqaruv tizimi haqida so‘z yuritar ekanmiz, avvalo, bir haqiqatni tan olishimiz kerak: u nafaqat buyuk sarkarda, balki yuksak darajadagi davlat arbobi, nozik siyosatchi va puxta qonunshunos edi.
Amir Temur o‘z hukmronligini faqat kuch bilan emas, balki siyosiy legitimlik orqali ham mustahkamlashga harakat qildi. Uning Chingiziylar avlodidan bo‘lgan Saroy Mulkxonimga uylanishi bejiz emas edi. Bu nikoh unga “ko‘ragon” — ya’ni xon avlodiga kuyov maqomini berib, uning hokimiyatiga rasmiy tus bag‘ishladi. Shu bilan birga, Temur o‘z hukmronligini afsona va rivoyatlar bilan emas, balki amaliy boshqaruv va adolat bilan mustahkamladi.
Darhaqiqat, uning davlatida qaror qabul qilish jarayoni o‘ta puxta tashkil etilgan edi. Dargohda o‘tkazilgan xos majlislarda davlatning eng muhim masalalari — boshqaruv, tayinlovlar, xavfsizlik masalalari muhokama qilingan. Bu jarayonlar maxfiylik va intizom asosida olib borilgan, hatto maxsus kotiblar qarorlarni qayd etib borgan.
Amir Temur davlat boshqaruvida eng muhim tamoyil sifatida kengash va mashvaratni e’tirof etgan. Uning mashhur so‘zlari buni yaqqol isbotlaydi:
“Saltanat ishlarining to‘qqiz ulushi kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushi esa qilich bilan bajo keltiriladi”.
Bu fikr ortida juda chuqur ma’no yotadi. Ya’ni, kuch — bu oxirgi chora. Asosiy e’tibor esa aql, tadbir va to‘g‘ri qaror qabul qilishga qaratilgan.
Amir Temur davlat apparatini mukammal tizimga soldi. Oliy devon — markaziy boshqaruv organi sifatida faoliyat yuritib, vazirliklar ishini muvofiqlashtirib borgan. Har kuni vazirlar hisobot berib turgani esa davlat boshqaruvida ochiqlik va nazorat mavjud bo‘lganidan dalolat beradi.
Diqqatga sazovor jihatlardan yana biri — aholi bilan muloqot tizimi. Dargohdagi arzbegi orqali har bir fuqaro o‘z shikoyatini bevosita yetkazish imkoniga ega bo‘lgan. Shu bilan birga, maxsus vakillar — aminlar joylarga borib, adolatni tiklash bilan shug‘ullangan. Bu esa davlatda ikki tomonlama nazorat mexanizmi mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi.
Harbiy tizim ham puxta tashkil etilgan. Tavochilar nafaqat qo‘shin to‘plash, balki uning tayyorgarligi, ta’minoti va intizomi uchun javobgar bo‘lgan. Bu esa Temur armiyasining muvaffaqiyatlarida hal qiluvchi omil bo‘lgan.
Amir Temur davlatchiligining eng yuksak jihati esa uning qonunchilik sohasidagi faoliyatidir. “Temur tuzuklari” — bu oddiy qoidalar emas, balki davlat va jamiyat hayotini tartibga soluvchi mukammal huquqiy tizimdir.Bu tuzuklarda eng muhim tamoyil — adolat va inson manfaati hisoblanadi. Masalan: yangi yerni obod qilgan shaxsdan birinchi yil soliq olinmasligi, soliqlar yer unumdorligiga qarab belgilanishi, davlat avval sharoit yaratib, keyin talab qo‘yishi kabi adolatli tizim amal qilgan. Bu normalar zamonaviy ijtimoiy davlat g‘oyalariga hamohang ekanini ko‘rish qiyin emas.
Amir Temur jamiyatni 12 toifaga ajratib, barcha qatlam manfaatini hisobga olgan. Bu esa uning davlatchilik g‘oyasida ijtimoiy muvozanat muhim o‘rin tutganini ko‘rsatadi. Eng muhimi, u shunday degan: “Raiyyat xonavayron bo‘lsa, xazina kambag‘allashadi, bu esa saltanatning kuchsizlanishiga olib keladi”. Bu fikr bugungi kun uchun ham dolzarb. Chunki kuchli davlat avvalo, farovon xalq demakdir. Demak, Amir Temur davlatchiligi uch ustunga tayangan bo‘lib, ular adolat, tadbir va aql, kuchli boshqaruv tizimi. Uning merosi nafaqat tarix, balki bugungi davlat boshqaruvi uchun ham muhim nazariy va amaliy ahamiyatga ega. Shuningdek, Amir Temur davrida:
fuqarolar o‘z arz va shikoyatlari bilan bevosita dargohga murojaat qilish imkoniga ega bo‘lgan;
arzbegi orqali murojaatlar qabul qilinib, oliy hukmdorga yetkazilgan, aminlar joylarga borib, muammolarni o‘rganib, adolatni tiklagan. Bugungi tizimda esa, Xalq qabulxonalari orqali fuqarolar murojaatlari qabul qilinadi; sayyor qabullar orqali rahbarlar joylarga chiqib, aholi muammolarini o‘rganadi; murojaatlar ijrosi ustidan nazorat tizimi mavjud.
Yana bir muhim jihati, Amir Temur davrida sud-huquq tizimi ham puxta va ixtisoslashgan holda tashkil etilgan edi. Sud ishlari bir nechta yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilgan:
Qozi ul-quzzot — oliy qozi sifatida diniy va huquqiy masalalarda eng yuqori sud vakolatiga ega bo‘lib, ayrim hollarda amaldorlar ishini ham ko‘rib chiqqan. Sipoh qozisi esa, harbiylar o‘rtasidagi nizolar va intizom masalalarini hal etgan. Qozi raiyat — oddiy fuqarolar o‘rtasidagi mulkiy va ijtimoiy nizolarni ko‘rib chiqqan hamda barcha sud faoliyati asosida shariat qoidalari muhim huquqiy manba sifatida xizmat qilgan.
“Agar tarixga nazar tashlasak, Amir Temur davrida ham xalq dardini eshitish va adolatni ta’minlashning samarali mexanizmlari mavjud bo‘lgan. Bugungi kundagi Xalq qabulxonalari va sayyor qabullar ana shu adolatparvar boshqaruv an’analarining zamonaviy, institutsional davomi sifatida namoyon bo‘lmoqda”. Xulosa qilib aytganda, Amir Temur davlatchiligi adolat, kengash va mustahkam boshqaruv tamoyillariga asoslangan.
Uning merosi nafaqat tarixiy ahamiyatga ega, balki bugungi kunda ham davlat boshqaruvini takomillashtirishda muhim nazariy va amaliy manba bo‘lib xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, Amir Temur nafaqat o‘z davrining buyuk sarkardasi, balki jahon miqyosida tan olingan davlat arbobi sifatida tarixda o‘chmas iz qoldirgan.
Uning davlat boshqaruvi, adolatga asoslangan siyosati va mukammal tizimi bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Bejiz emaski, uning shaxsiga bo‘lgan yuksak ehtirom ramzi sifatida Yevropa hududlarida ham yodgorliklar o‘rnatilgan.
Hozirgi kunda dunyo olimlari tomonidan Amir Temur merosi keng o‘rganilmoqda, uning faoliyatiga oid qimmatli manbalar xorijiy arxiv va kutubxonalarda saqlanmoqda. Bu esa uning nafaqat milliy, balki umumjahon tarixi uchun muhim shaxs ekanini ko‘rsatadi. Jumladan, shu kunlarda ya’ni 9-10-aprel kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, “Temur tuzuklari” asarining ilmiy izohli matni fors, arab, xitoy, ingliz, fransuz, ispan va rus tillarida nashr etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Temuriylar davrining ilmiy va madaniy merosini keng targ‘ib etish maqsadida “Temuriylar davrining 100 nodir qo‘lyozmasi” hamda “Temuriylar davrining 100 nodir durdonasi” nomli kitob-albomlar tayyorlanadi.
Bundan tashqari, Temuriylar davriga oid manbalarni tizimlashtirish va ommalashtirish maqsadida maxsus elektron platforma yaratish rejalashtirilgan.
Ayniqsa, Temuriylar davrining “Renessans” deb e’tirof etilishi ham bu davrda ilm-fan, madaniyat va davlatchilik yuksak taraqqiyotga erishganining yorqin dalilidir.
Shu ma’noda, Amir Temur merosini o‘rganish faqat tarixga murojaat emas, balki zamonaviy davlatchilikni rivojlantirishda mustahkam poydevor yaratish, kelajakni to‘g‘ri qurish demakdir.
Firuza Muxitdinova,
TDYUU professori