Amina Mahmudova — xalqaro «Tatar qizi— 2026» tanlovi g‘olibasi (+Video)
Xabaringiz bor, joriy yilning 7-oktabr kuni Turkmanistonning Turkmanboshi shahridagi «Ruhiyat» saroyida xalqaro «Tatar qizi — 2026» tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda Rossiya, Turkiya, Qirg‘iziston va Turkmaniston kabi davlatlardan 12 nafar qiz ishtirok etib, o‘z xalqlarining milliy an’analari, madaniyati va ijodiy mahoratini namoyish etdi.
Tanlovning asosiy maqsadi milliy urf-odatlarni asrab-avaylash, yoshlar o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro madaniy hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
Quvonarlisi, mazkur nufuzli tanlovda O‘zbekiston vakili, 19 yoshli Amina Mahmudova bosh sovrin — Gran-pri sohibasi deb topildi. Uning g‘alabasi yurtimizdagi ko‘p millatli madaniyat, milliy qadriyatlar va yoshlar iste’dodiga berilayotgan e’tiborning yorqin ifodasidir.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi mas’ul xodimlari, diplomatik korpus va milliy madaniy markazlar vakillari ishtirokida Amina Mahmudovani tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Marosimda millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Qahramon Sariyev hamda boshqa rasmiylar ishtirokchilarni qutlab, Aminaning xalqaro maydondagi yutug‘i xalqimiz uchun katta faxr va quvonch ekanini ta’kidladilar.
Shuningdek, tanlovdagi g‘alabasi munosabati bilan Amina Mahmudovaga Turkmaniston Prezidenti nomidan "Zeekr"avtomobili sovg‘a qilindi. Bu yosh iste’dodning mehnati va mahoratiga ko‘rsatilgan yuksak e’tibor ramzidir.
Aminaning g‘alabasi nafaqat uning shaxsiy yutug‘i, balki O‘zbekiston va tatar xalqi o‘rtasidagi madaniy aloqalar, do‘stlik va o‘zaro hurmatning ham muhim ifodasidir. Uning muvaffaqiyati yoshlarimizni milliy qadriyatlarni asrashga, o‘z iste’dodini rivojlantirishga va xalqaro maydonda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga ruhlantiradi.
N. Rahmonova, O.Davronov (video), S.Obidjonov(montaj), O‘zA