Amarant yetishtirish bo‘yicha Andijon tajribasi
Asli vatani Janubiy Amerika bo‘lgan amarant o‘simligining hozirda 50 dan ortiq turi mavjud. Ushbu o‘simlik o‘zining shifobaxshligi, ko‘plab foydali jihatlari bilan ahamiyatlidir. Janubiy Amerika xalqi uni juda qadrlaydi. Qadim rivoyatlar, ayrim yozma manbalarda u “mangulik guli” deb atalgan. Undan ko‘plab an’ana va udumlarni o‘tkazishda foydalanilgan.
BMT tomonidan XXI asr madaniy o‘simligi deb e’tirof etilgan amarant farmatsevtika, oziq-ovqat va chorvachilik sohasi rivojida muhim xomashyo hisoblanadi. Ayni paytda mazkur o‘simlik dunyoning ko‘plab mamlakatlari, ayniqsa, Xitoy, Hindiston, Meksika, Ispaniya, Rossiyada ko‘p miqdorda yetishtiriladi.

Mamlakatimizda, jumladan, Andijon viloyatida ham ushbu o‘simlikni yetishtirish, mahalliylashtirish, undan hayotimizning turli yo‘nalishlarida foydalanish bo‘yicha bir qator amaliy va ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
– Bundan o‘n yil avval amarantning 19 turi urug‘lari viloyatga olib kelingan edi, – deydi Andijon davlat universiteti professori Mo‘ydinjon Mo‘minov. – Dastlab, Marhamat va Izboskan tumanlarida kichik maydonlarga ekilib, sinovdan o‘tkazildi. Mahalliylashtirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlar olib borildi. Dastlab ekilgan o‘simlikning bo‘yi qariyb 4 metrgacha o‘sdi. Bu hosilni texnika yordamida yig‘ishtirib olish, yig‘im-terimni kombaynda tashkil etish imkonini bermas edi. Olimlarimiz tomonidan turli navlarni chatishtirish orqali amarantning yangi, past bo‘yli, kombaynda o‘rib olishga qulay, serhosil, tezpishar mahalliy navlari yaratildi.
Andijonlik olimlar tomonidan olib borilgan amaliy va ilmiy tadqiqotlar natijasida keyingi to‘rt yilda ushbu o‘simlikning “O‘zbekiston”, “Andijon”, “Marhamat” va “Ulug‘nor” deb nomlangan navlari yaratildi. Ana shu navlar ekilgan hududlardan yuqori hosil olindi. Hozirda Marhamat va Qo‘rg‘ontepa tumanlarida sertifikatlashtirilgan urug‘chilik markazlari tashkil etildi. Ushbu markazlarda saralangan amarant urug‘larini respublikamizning boshqa hududlariga yetkazib berish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
– Andijon davlat universiteti olimlari taklifi bilan bundan bir necha yil avval bug‘doydan bo‘shagan 1,6 gektar maydonga amarant o‘simligini ekdik, – deydi Marhamat tumanidagi “Feruz” fermer xo‘jaligi rahbari G‘ulomjon Karimov. – Farmatsevtika sanoati uchun zarur moddalar olinadigan ushbu o‘simlikdan yuqori hosil olindi. Eng asosiysi, uni yetishtirish ortiqcha mehnat va sarf-xarajat talab etmadi, iqtisodiy samaradorligi esa yuqori bo‘ldi. Keyingi yillarda esa uni ko‘proq maydonlarga ekib, yuqori hosil olindi. Shunga yarasha olingan daromad ham yuqori bo‘ldi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, amarantning mevasi, poyasi, hatto urug‘i ham o‘ta foydali va daromadli hisoblanadi. Xo‘sh, undan qanday mahsulotlar olinadi?
Amarant chorvachilikda yem-ozuqa bazasini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. 1 gektar maydondan 200 tonnaga yaqin yashil massa (silos) olish mumkin. Ushbu massa makkajo‘xoridan olinadigan massaga nisbatan bir necha barobar ko‘p, qolaversa, turli vitaminlarga boy bo‘lgani uchun sigir sutini ikki martaga ko‘paytiradi, boqilayotgan mol va qo‘ylarni tez semirtiradi. Bir gektar maydondagi amarantdan 2,5 tonna don olish mumkin. Uning donidan sovuq holda presslash orqali yuqori sifatli moy olinadi. O‘ta shifobaxsh bo‘lgan amarant moyidan tibbiyotda o‘nlab dorilar tayyorlashda foydalaniladi. Kezi kelganda aytish kerakki, amarant qandli diabet, ishemik, saraton kasalliklarini davolash hamda qon bosimini me’yorlashtirishda yaxshi samara beradi. Ildizi esa enurez (siydik tutish qobiliyatining pasayishi), kamqonlik kabi dardlarga yaxshi da’vo bo‘ladi.

Shuningdek, 1 gektar maydondagi amarantdan 2 tonnadan 5 tonnagacha kunjara olish mumkin bo‘ladi. Amarant kunjarasi chigit kunjarasiga nisbatan 10-20 marta vitaminli, dorivor, samarador hisoblanadi. Nasldor qoramollar uchun ekologik sof, yuqori samara beruvchi ozuqa vositasi. Bundan tashqari, amarantdan sovuq presslash asosida olinadigan massadan shifobaxsh oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlashda foydalanish mumkin. Amarantning quruq poyasini esa yoqilg‘i – o‘tin sifatida ishlatish mumkin.
Amarantning o‘ta foydali, daromadli jihatlari hisobga olinib, Andijon viloyatida uni yetishtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda viloyatda urug‘chilik va ozuqa yo‘nalishida 1 ming 100 gektar maydonda amarant yetishtirildi.
Olimlar tomonidan farmatsevtika sanoati uchun muhim, shu bilan birga, yuqori daromad keltiradigan ana shu o‘simlikni yetishtirish, uni qayta ishlash va moyini olish texnologiyasini takomillashtirish, ishlab chiqarishga joriy etish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Andijon davlat universiteti olimlari tomonidan “Amarant o‘simligi asosida farmatsevtik moddalar, oziq-ovqat va yem-ozuqa mahsulotlari yetishtirish” loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida 15 yaqin mahsulot tayyorlandi.
– Amarant o‘simligi asosida tayyorlangan “Bio choy” preparati inson organizmini tabiiy faol mahsulotlar bilan ta’minlash xususiyatiga ega, – deydi professor Mo‘ydinjon Mo‘minov. – Ushbu mahsulot inson asab tizimi hamda qonni kislorod bilan to‘yintirish, shuningdek, organizmning turli infeksiyalardan himoyalanishini yaxshilaydi.
Amarant urug‘chiligi markazi tomonidan Germaniya davlatidan olib kelingan maxsus dastgoh yordamida amarantdan yog‘ olinmoqda. Keyingi yillarda “Andijon tajribasi” sifatida sinovdan o‘tkazilgan amarantni makkajo‘xori bilan aralashtirib ekish tajribasi ham yuqori samara berdi. Amarant va makkajo‘xori qo‘shib ekilgan maydonlardan olingan hosil va daromad bir necha barobarga ortdi. Bu chorvachilikda yem-ozuqa bazasini yanada mustahkamlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Bir so‘z bilan aytganda, Andijonda shifobaxsh va yuqori iqtisodiy daromad keltiradigan amarant o‘simligini yetishtirish borasidagi ishlar ko‘lami yildan-yilga kengaymoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov(surat), O‘zA