Amaliyotda tashabbus ko‘rsatgan talabalar taqdirlanadi
Bundan sakkiz oy muqaddam oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov talabalarga 2-bosqichdan o‘z sohasida ishlashga ruxsat beruvchi yangi tizim yaratilishini, bo‘lg‘usi mutaxassislar uchun ta’lim jarayonining 70 foizi amaliyotda o‘tishi kerakligini ta’kidlagan edi.
Davlatimiz rahbari joriy yilning 4 martida oliy ta’lim muassasalari talabalari bandligini ta’minlash masalasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida 100 ming nafarga yaqin talaba ishlashni xohlashi, ular uchun yurtimizda 105 mingta bo‘sh ish o‘rni borligi, mavjud muammolarga sovuqqon e’tibor qaratgan hokim va rektorlar tanqid qilingan.
Xo‘sh, bugun ishlashga ishtiyoqmand talabalarning amaliyot o‘tashi uchun qanday shart-sharoitlar yaratilmoqda. Ularda ish ko‘nikmalarini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar sifati qay holatda?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali tomonidan talabalar uchun o‘ziga xos amaliyot ishi tashkil etildi.
Bo‘lg‘usi huquq posbonlari amaliyot o‘tash hamda ish ko‘nikmalarini shakllantirish uchun Toshkent shahar va viloyat ichki ishlar bosh boshqarmalari ixtiyoriga yuborildi.

– Mazkur amaliyot Toshkent davlat yuridik universiteti Ixtisoslashtirilgan filiali talabalari uchun nazariy bilimlarini amaliyotga bog‘lash, huquqbuzarliklar profilaktikasi inspektori tomonidan yuritilayotgan hujjatlar va ularning kundalik faoliyati bilan bevosita tanishishdan iborat, – deydi Toshkent davlat yuridik universiteti Ixtisoslashtirilgan filiali Kasbiy jangovar tayyorgarlik kafedrasi mudiri, polkovnik Shuhrat Shokirov. – Shuningdek, talabalarning “Ish o‘rganuvchi profilaktika inspektori” lavozimida jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, profilaktika inspektori sifatida kasbiy bilim, ko‘nikma hamda malakasi oshiriladi.
Talabalar amaliyotni mahalla huquq-tartibot maskanida 5 yildan kam bo‘lmagan ish stajiga ega tajribali profilaktika inspektorlari rahbarligida o‘taydi.
Ish o‘rganish jarayonida bo‘lg‘usi mutaxassislar mahalla huquq-tartibot maskani faoliyatini tashkil etish, huquqbuzarliklarning umumiy, maxsus, yakka tartibdagi yo‘nalishlari, alohida turdagi nazorat ishlarini tashkil etish va amalga oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalarni bajarishda qatnashadi.
Amaliyot jarayonida tashabbus ko‘rsatgan, bilim saviyasi yuqori ekanligini namoyon etgan, shaxsiy ish rejasida belgilangan vazifalarni sifatli bajargan talabalar jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta’minlashda erishgan yutuqlari uchun belgilangan tartib asosida taqdirlanadi.
Bunday amaliy jarayon kelgusida talabalarni o‘z yo‘nalishi bo‘yicha tashkilotlarga biriktirish, tashkilotlarni iqtidorli kadrlar bilan ta’minlash, ayniqsa yoshlarning o‘z ish o‘rinlariga ega bo‘lishiga xizmat qiladi.
N.Rahmonova, O‘zA