Alkogolning zarari birinchi tomchisidanoq boshlanadi
Yaqinda hali qirqqa ham kirmagan bir tanishim to‘satdan vafot etganini eshitib, ochig‘i, juda hayron qoldim. “Nima bo‘ldi ekan, nega to‘satdan vafot etdi?” — boshimda faqat shu savollar aylanardi. So‘rab-surishtirsam, aroq ichish mumkin emas ekan, lekin ichib qo‘yib, mazasi qochgan emish. Jigari xasta ekan, deyishdi.
Yana bir boshqa eshitgan shum xabarim, yaqin orada to‘yi bo‘lishi kerak bo‘lgan yigitni yo‘lda mashina urib ketib, hodisa joyida halok bo‘libdi. Mashinani boshqarayotgan haydovchi mast holda ekan...
Bu kabi ko‘rguliklarning bosh sababchisi esa ichkilik. Alkogol mahsulotlarini iste’mol qilish yana bir qancha kasalliklarga, og‘ir oqibatlarga olib kelishini juda yaxshi bilamiz. Ammo ayrim kimsalar borki, og‘uning og‘u ekanini bila turib, o‘zini tiya olmaydi. Spirtli ichimliklarni mukkasidan ketib ichadi, muntazam ravishda ichishni odatga aylantiradi. Aslida alkogol ichimliklarining zarari uning birinchi tomchisidanoq boshlanadi, organizmga, salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
— Alkogol zaharli, qaramlik keltirib chiqaruvchi ruhiy faol modda hisoblanadi, — deydi Salomatlik va strategik rivojlanish instituti yetakchi mutaxassisi Malika Valiyeva. — Bu turdagi ichimliklarni iste’mol qilish 200dan ortiq kasalliklar, jarohatlar hamda sog‘liqning boshqa buzilishlariga sababchi bo‘ladi. Ruhiy va xulq-atvor buzilishlari, alkogolga qaramlik, og‘ir yuqumli bo‘lmagan kasalliklar, jumladan, jigar sirrozi, saratonning ba’zi bir turlari, yurak-tomir kasalliklari kabi muammolarning rivojlanish xavfi alkogol iste’mol qilish bilan bog‘liq.
Bir necha o‘n yil oldin saratonni o‘rganish bo‘yicha xalqaro agentlik alkogolni kanserogen — saraton kasalligini keltirib chiqaruvchi moddalarning 1-guruhiga kiritgan. Bu guruhga eng xavfli omillar — asbest, radiatsiya va tamaki kabilar kiradi. Alkogol saraton kasalligining kamida yetti xil turi rivojlanishiga sababchi bo‘ladi. Ularning eng ko‘pi yo‘g‘on ichak va ko‘krak bezi saratonidir. Alkogol mahsulotida “rak”ning rivojlanish xavfi mavjud.
2010-2019 yillarda O‘zbekistonda alkogolni iste’mol qilish darajasi aholi jon boshiga (15 va undan katta yoshdagi) nisbatan 44 foizga ko‘paygan. 2019 yilda o‘tkazilgan tekshiruv natijasida mamlakatimizda katta yoshdagi aholining 4,7 foizi, erkaklarning 8,7 foizi, ayollarning 0,8 foizi alkogol iste’mol qilishi aniqlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, alkogolni zararli iste’mol qilish natijasida har yili dunyo bo‘yicha 3,3 million o‘lim holati yuz beradi. Bu esa barcha o‘lim holatlarining 5,3 foizini tashkil qiladi.
O‘zbekistonda alkogol iste’moli bilan bog‘liq barvaqt o‘lim ko‘proq erkaklar orasida uchraydi. Chunki ular orasida ayollarga nisbatan alkogolni iste’mol qilish qo‘lami bir necha barobar ko‘p. Xususan, jigar va jigar ichi o‘t yo‘llari xavfli o‘smalari keltirib chiqargan o‘lim holatlari 30-69 yoshdagi erkaklarda shu yoshdagi ayollarga nisbatan o‘rtacha 1,6 marta, alkogol sababli jigar kasalligi keltirib chiqargan o‘lim holati esa o‘rtacha 5 martadan ko‘proq yuz bergan, — deydi M.Valiyeva.
Darhaqiqat, mutaxassis qayd etgan ma’lumotlardan ham anglash mumkinki, alkogol iste’mol qilish inson salomatligiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ichkilikbozlik nafaqat salomatlikka ta’sir ko‘rsatishi bilan, balki boshqa ayanchli oqibatlarga olib kelishi bilan ham xavflidir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2016 yilda Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida yo‘l-transport hodisalari keltirib chiqargan o‘lim holatlarining 42 foizi va jarohatlar tufayli yuz bergan o‘lim holatlarining 23 foizi alkogol bilan bog‘liq bo‘lgan.
2021 yilda respublikamizda yo‘l-transport hodisalarining 1,3 foizi (135 ta) mast holatda yuz bergan va natijada 63 nafar odam barvaqt hayotdan ko‘z yumgan, 119 nafar odam turli og‘irlikdagi jarohatlar olgan.
Bundan tashqari, 2021 yilda mast holatda 85 ta yong‘in sodir etilgan va oqibatda 7 nafar odam hayotdan barvaqt ko‘z yumgan, 8 nafari turli og‘irlikdagi tan jarohati olgan.
Demak, spirtli ichimliklarga tobelik insonning o‘ziga ham, yon-atrofidagilarga ham, salomatlikka ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Alkogol bilan bog‘liq yuqoridagi fakt va ma’lumotlar har kimning o‘zi uchun to‘g‘ri xulosa chiqarishiga turtki bo‘lsa, ajabmas.
Muhtarama Komilova, O‘zA