Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasining rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari ishga tushirildi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasining rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Endi fuqarolar, tadbirkorlik sub’ektlari va sohadagi boshqa manfaatdor tomonlar Inspeksiya faoliyatiga oid dolzarb va rasmiy ma’lumotlarni yagona axborot manbalari orqali olishlari mumkin.
Inspeksiyaning rasmiy veb-saytida alkogol va tamaki bozorini tartibga solish, qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan nazorat, tadbirkorlik sub’ektlari va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, sohani rivojlantirishga qaratilgan kompleks dasturlar hamda ishlab chiqarish va ulgurji savdo faoliyatini litsenziyalashga oid ma’lumotlar muntazam yoritib boriladi.
Shuningdek, aksiz siyosati samaradorligini ta’minlash, sog‘lom raqobat muhitini qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy axborot tizimlarini joriy etish, huquqbuzarliklar va yashirin iqtisodiy faoliyatni aniqlash hamda ularning profilaktikasi, xavflarni tahlil qilish va monitoring yo‘nalishlaridagi ishlar haqida ham axborotlar taqdim etiladi.
Rasmiy axborot manbalarida Inspeksiya faoliyatiga oid yangiliklar, huquqiy tushuntirishlar, rasmiy munosabatlar, tahliliy materiallar va jamoatchilik uchun dolzarb ma’lumotlar ham muntazam e’lon qilib boriladi.
Inspeksiyaning rasmiy veb-sayti: at-inspeksiya.uz
Rasmiy Telegram kanali: @at_inspeksiya
Hamroz Bayonov,O‘zA