Alkogol mahsulotlari musodara qilindi
Bojxona organlari tomonidan spirt va alkogol mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tizimli ishlar olib borilmoqda.
Sirdaryo tumanidagi “Sirdaryo” chegara bojxona postiga kirib kelgan “MAN” rusumli yuk avtotransport vositasi bojxona nazoratidan o‘tkazildi. Avtotransport vositasining yon sandig‘ida yuk-kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda aytilmagan qiymati 33 million so‘mlik 22 dona “JACK DANIELS” (1L, 40%) nomli viski alkogol mahsulotlari borligi aniqlandi.

Shuningdek, “Malik” bojxona punktida “VAZ-21063” rusumli avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilganda qiymati 23 million so‘m bo‘lgan 23 dona “Jameson” nomli alkogol mahsulotlari borligi aniqlangan. Yana bir holatda, ushbu punktga kirib kelgan “Neksiya” rusumli avtotransportda 60 dona 0,5 litrlik idishlarda “Shыmkentskoye” nomli pivo mahsulotlarini qayta sotish uchun olib kirilayotganligi aniqlandi.
Bundan tashqari, “Sirdaryo” chegara bojxona posti orqali kirib kelgan “Mercedes Benz” rusumli yuk avtotransport vositasida qiymati 16,5 million so‘mlik 26 dona 12 litr spirtli ichimlik va 6 dona 5 litrli yelim idishlarda jami 30 litr tarkibida texnik spirt bo‘lgan tibbiyot asboblari uchun tozalash vositalari borligi aniqlangan.

Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan 2023 yil boshidan buyon qiymati 196 million so‘mga teng 27 ta shu kabi huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, jami 1013 litr spirt va alkogol mahsulotlari to‘xtatib qolingan.
Hozirda holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Sh.Suyarov, O‘zA.