Alisher Navoiy “Badoyi’ ul-bidoya” devonining qadimiy qo‘lyozmasi topildi
Tadqiqot
2026-yilning aprel oyida Buyuk Britaniya fondlariga ilmiy safar uyushtirilishi natijasida Britaniya kutubxonasi fondiga oid yangi qo‘lyozma aniqlandi. Or 13061 raqamli qo‘lyozma Britaniya kutubxonasining saytida “G‘aroyib us-sig‘ar” nomi bilan Navoiy devoni sifatida tavsif qilingan.
Bizning tadqiqotimiz natijasida ushbu qo‘lyozma aslida Alisher Navoiyning o‘zi tomonidan tuzilgan dastlabki devoni – “Badoyi’ ul-bidoya”ning nusxasi ekani aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur qo‘lyozma 1967-yil 5-aprel kuni Britaniya muzeyi tomonidan Christieʼs auksionida sotib olingan va keyinchalik Britaniya kutubxonasi fondiga taqdim etilgan. Britaniya kutubxonasi fondidagi manbalar haqida ma’lumot beruvchi kataloglar 1967-yildan avval nashr etilgani sababli ushbu qo‘lyozmaning ilmiy tavsifi ularda uchramaydi. Shuning uchun, mazkur nusxa mutaxassislarning nazaridan chetda qolib kelgan bo‘lishi mumkin.
Ma’lumki, hozirgi kunga qadar Navoiy “Badoyi’ ul-bidoya”sining sakkizta qadimiy qo‘lyozmasi mavjud. Ular ayni paytda saqlanayotgan fondlarining joylashgan shaharlari nomlari bilan ataladi. Ko‘chirilgan davri ketma-ketligiga ko‘ra ularni quyidagicha taqdim etish mumkin: “Badoyi’ ul-bidoya” devonining Parij, London, Tehron, Boku, Istanbul, Toshkent, Mashhad va Tehron 2 nusxalari. Ayni chog‘da aniqlangan qo‘lyozmani esa “Badoyi’ ul-bidoya”ning London 2 nusxasi sifatida fanga tanitish maqsadga muvofiqdir.
“Badoyi’ ul-bidoya”ning London 2 nusxasi Safaviy hukmdorlaridan birining saroy kutubxonasi uchun ko‘chirilgan. Ushbu qo‘lyozma 1520-yilga oid bo‘lib, kolofonlarda (xotima, nusxada jami olti o‘rinda kolofon bitilgan) kotib o‘zining ismini qayd etmagan. Nusxaning matni nihoyatda xushxat nasta’liqda kitobat qilingan. Unda xatoga yo‘l qo‘yilgan o‘rinlar deyarli uchramaydi. Qo‘lyozma varaqlarida ko‘chirilgan Navoiy yoshlik lirikasi namunalari va unga ishlangan turli bezak va miniaturalar yaxlit kompozitsiya sifatida nihoyatda nozik did mahsuli hisoblanadi. Nusxa jami 218 varaqdan iborat bo‘lib, bichimi 24x15 smni tashkil etadi. Qo‘lyozma varaqlaridagi matnning o‘lchamlari – 16,3x9 sm.
Or 13061 raqamli qo‘lyozmaga 1520-yil Tabriz maktabiga oid oltita miniatyura ishlangan. Ushbu mo‘’jaz rasmlar qo‘lyozmaning 18b, 53a, 76b, 87b, 125b va 165a varaqlarini ishg‘ol etgan. Bu jihatdan mazkur qo‘lyozma “Badoyi’ ul-bidoya” devonining yagona miniatyurali nusxasi hisoblanadi.
Nusxaning 1a varag‘ida shamsa (shmutstitul) ishlangan. Ushbu bezak ayni paytda qo‘lyozma devonning mundarijasi vazifasini bajargan. Unda quyidagi qaydlarini o‘qish mumkin.
Markazida:
إضاءة السعادة والسلام
(Iḍāʾat al-saʿāda wa’l-salām).
Yuqori qismida:
كتاب غزليات (Kitāb-i ghazaliyāt).
Quyi qismida:
كتاب فرديات (Kitāb-i fardiyyāt).
Yuqoridan chapga qarab, alohida doiralarning ichida:
مستزاد (mustazād);
ترجیعات (tarjīʿāt);
مخمسات (mukhammāsāt);
مسدسات (musaddasāt);
لغز (lughz);
معميات (muʿammayāt);
مقطعات (muqaṭṭaʿāt);
رباعیات (rubāʿiyyāt).
London 2 nusxada yuqorida berilganlardan tashqari tuyuqlar ham mavjud, ammo ushbu janrning nomi shamsada va turli janrdagi she’rlar yakunida berilgan maxsus kolofon matnlarida ham uchramaydi. Bu holatning sababini, dastlabki farazlardan biri sifatida, devon ko‘chiruvchisiga sof turkiy janr hisoblanuvchi tuyuqning nomi noma’lum bo‘lgandir, deb izohlash mumkin.
Qo‘lyozmaning muqovasi kartondan, ustiga charm qoplangan. Muqovaning ustki tomoni chetlariga sharq uslubida to‘q qizil va zarhal ranglarda bezaklar ishlangan. Markazda shamsa, uning yuqori va pastki qismlarida lola tasvirlarini ko‘ramiz. Muqovaning ichki tarafi atrofiga zarhal va moviy rangli ornament ishlangan. Ichki tomonda ishlangan shamsa va lolalarning tasviri ustki qismdan biroz farq qiladi. Shuningdek, orqa muqovada qo‘shimcha qopqoq, ya’ni lafak (qo‘lyozma muqovasining qayrilma himoya qismi) mavjud, uning markaziy qismi – 8 sm, ikki chetlarining o‘lchami – 6 sm.
1b va 2a varaqlarda nihoyatda chiroyli frontispis ishlangan, uning asosiy ranglarini moviy va zarhal tashkil etadi. Har ikki frontispisning markaziga devonning ilk g‘azali “Ashraqat …”ning 1-6-baytlari uch baytdan taqsimlab ko‘chirilgan. Ushbu g‘azalning qolgan uch baytini esa 2b varaqda o‘qish mumkin.
Bizning dastlabki tekshiruvlarimiz “Badoyi’ ul-bidoya”ning London 2 nusxasi tarkibi ushbu devonning 1485-yilga oid Boku nusxasi tarkibi bilan yuqori darajada identik ekanini ko‘rsatmoqda. Bu yo‘nalishdagi ilmiy izlanishlarimiz davom etmoqda.
Xulosa o‘rnida Alisher Navoiy vafotidan juda qisqa muddat ichida shoirning yoshlik lirikasini o‘zida aks ettirgan “Badoyi’ ul-bidoya” devonining qo‘shni hudud Eron zaminida – Safaviy hukmdor buyurtmasi bilan loyiha darajasida yuksak e’tibor bilan kitobat qilinishi alohida diqqatga loyiq ekanini ta’kidlamoqchimiz.
Oysara MADALIEVA,
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
Abu Rayhon Beruniy nomidagi
Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi.
O‘zA