Aliment puli – begunoh bolaning haqqi
Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyati boshqarmasi va uning hududiy organlari 20 ming 600 ga yaqin aliment undiruvi bilan bog‘liq ijro harakatlarini olib bormoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Surxondaryo viloyatida sud hujjatlari va boshqa organlar ijro hujjatlari yuzasidan 662 nafar qarzdor alimentchiga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Ularning 437 nafari aliment pulini to‘lashdan bosh tortgan qarzdorlardir. Qidiruvda bo‘lgan qarzdorlarning 149 nafari chet elda ekani aniqlanib, tegishli tashkilotlar hamkorligida qidiruv ishlari olib borilmoqda.
– Sud qarorlari ijrosi doirasida voyaga yetmagan farzandlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish Majburiy ijro byurosi organlarining asosiy vazifalaridan biri sanaladi, – deydi MIB Surxondaryo viloyati boshqarmasi mas’ul xodimi Qobiljon Tursunov. – Shunga ko‘ra, boshqarmaning qidiruv sho‘’basi olib borgan tezkor qidiruvlarda 153 nafar aliment to‘lovchi izlab, topilib, ulardan 100 million so‘mdan ortiq aliment qarzdorligi undirib olingan. Shuningdek, qidiruv chog‘ida topilgach, aliment to‘lashdan bosh tortganlarga nisbatan qonuniy jazo choralari qo‘llanilgan.
Masalan, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2019 yil 7 oktyabrdagi sud buyrug‘iga asosan Shuhrat Jo‘rayevdan ikki nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan. Alimentchi ota farzandlarining qonuniy haqqini to‘lashdan bosh tortib, qochib yurgani uchun unga nisbatan o‘tgan yilning 18 yanvar kuni qidiruv e’lon qilinib, viloyatning Sho‘rchi tumanidan topilgan. Qarzdor ota aliment pulini to‘lashdan bo‘yin tovlagani sababli sudning qarori bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi. Bu voqeadan bir necha kun o‘tib, Sh.Jo‘rayevning yaqin qarindoshlari 20 million 688 ming so‘m aliment pulini to‘liq to‘lab bergach, u ma’muriy qamoq jazosidan ozod etildi.
MIB viloyat boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari joriy yilning o‘tgan davrida aliment to‘lovlaridan bo‘yin tovlab farzandlarining moddiy ta’minotiga befarq bo‘lgan 330 nafar shaxsning ishini sudga taqdim etib, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 474-moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka tortdi. Aliment puli – begunoh bolaning haqqi. O‘z jigarbandi haqqiga xiyonat qilayotgan aliment to‘lovchilar esa qonun doirasida javobgarlikka tortiladi. Lekin, bu jazo choralari ularni aliment to‘lovidan aslo ozod etmaydi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA