Aleksey Lixachyov: Atom energetikasi O‘zbekiston sanoati va ilm-fani taraqqiyotining harakatlantiruvchi kuchiga aylanadi
Bugun Toshkent shahrida o‘z ishini boshlagan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” VI xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida Aleksey Lixachyov ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga javob berib, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik hamkorlik, ayniqsa, atom energetikasi sohasidagi sheriklik tobora mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi ko‘rgazma mazkur hamkorlikning amaliy ifodasi sifatida alohida ahamiyatga ega.
Ko‘rgazma doirasida “Rosatom” tomonidan atom energetikasi va elektr mobillik sohasidagi ilg‘or texnologik yechimlar namoyish etildi. Jumladan, “RITM-200N” va “VVER-1000” reaktorlari asosidagi integratsiyalashgan atom stansiyasi maketi, shuningdek, elektr transporti uchun mo‘ljallangan zamonaviy infratuzilma va texnologiyalar taqdim qilindi.
[gallery-28879]
Matbuot anjumanida qayd etilganidek, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida atom energetikasi sohasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda yangi bosqichga chiqdi. Xususan, mamlakatimizda atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha amaliy kelishuvlar va shartnomalar imzolanib, loyihani hayotga tatbiq etish ishlari boshlangan.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizdagi AES qurilishi yangi model asosida barpo etiladi. Unga ko‘ra, bir maydonda turli quvvatga ega atom ob’ektlari - yirik quvvatli 1000 megavattli hamda kichik quvvatli 55 megavattli reaktorlar parallel ravishda quriladi. Bu esa energetik barqarorlikni ta’minlash va kelgusida elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni qoplashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, “Rosatom” va “O‘zatom” o‘rtasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” imzolangan. Mazkur hujjat doirasida nafaqat energiya ishlab chiqarish, balki kadrlar tayyorlash, ilm-fan, innovatsiyalar va tibbiyot sohalarini rivojlantirish bo‘yicha ham qator vazifalar belgilangan.
Tadbirda AES hududida zamonaviy infratuzilmaga ega “Atom shaharchasi”ni barpo etish rejalari haqida ham ma’lumot berildi.
– O‘zbekistonda atom energetikasi sanoat, ilm-fan, ta’lim va ijtimoiy infratuzilma kabi turli sohalar rivojining muhim harakatlantiruvchi kuchiga aylanishi lozim. Stansiya yaqinida barpo etiladigan “Atom shaharchasi” nafaqat energetika, balki yadro tibbiyoti, materialshunoslik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va sterilizatsiya texnologiyalari kabi istiqbolli yo‘nalishlar markaziga aylanadi. Bu yerda mamlakatning texnologik mustaqilligini mustahkamlashga hissa qo‘shadigan olimlar va muhandislarning yangi avlodi shakllanadi, – dedi Aleksey Lixachyov.
Matbuot anjumanida “Rosatom”ning Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik istiqbollari, amalga oshirilayotgan yirik loyihalar va kelgusi rejalari haqida ham batafsil ma’lumot berildi.
Nasiba Ziyodullayeva, Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA muxbiri