Ajrim yoqasidagi oilalarni yarashtirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda
Mustahkam jamiyat tinch va farovon oilalardan tashkil topadi. Oila muqaddas qo‘rg‘on bo‘lib, uning mustahkamligi jamiyat barqarorligining muhim omillaridan biridir. Shu bois, oilaviy ajrimlarning oldini olish, oilalarda sog‘lom ma’naviy-ruhiy muhitni qaror toptirish hamda oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda oilalarni mustahkamlash va oilaviy ajrimlarning oldini olishga qaratilgan tuman “Yo‘l xaritasi” ijrosini ta’minlash maqsadida Yakkasaroy tumani Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda ajrim yoqasiga kelib qolgan besh nafar oilaning holati atroflicha muhokama qilinib, mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashildi.
Muhokamalarda tuman mas’ullari hamda diniy idora vakili ishtirok etdi.

Quvonarlisi shundaki, komissiya a’zolari hamda psixolog-mediatorlar tomonidan olib borilgan tushuntirish va yarashtirish ishlari natijasida ikki nafar oila yarashtirildi. Qolgan uch nafar oilaga esa munosabatlarni tiklash, o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlash bo‘yicha zarur tavsiya hamda maslahatlar berilib, oilalarni saqlab qolish yuzasidan tegishli choralar belgilandi.
Oilalarni asrab-avaylash, ajrimlarning oldini olish va farzandlar manfaatlarini himoya qilish borasidagi bunday amaliy ishlar izchil davom ettirilishi g‘oyat muhim. Shundagina islohotlar ijobiy samarasini beradi.
Sherbek Islomov,
O‘zA