Ajdodlarimiz xotirasiga hurmat o‘zlikni anglash va ma’naviy tarbiyada muhim omil bo‘ladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi tadbirlarida ishtirok etish uchun 3-may kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi.
Ezgu qadriyatlarimizga muvofiq, avvalo, Imom Buxoriy majmuasi ziyorat qilindi. Buyuk hadisshunos bobomiz maqbarasida Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi.
Ma’lumki, ushbu qutlug‘ qadamjo davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriyning islom olamida tutgan yuksak mavqei, ulkan ma’naviy merosiga munosib tarzda qaytadan bunyod etildi. Ziyoratchilarga har tomonlama qulay sharoit yaratildi. Bu yil Ramazon hayiti arafasida majmua yana ziyoratchilar uchun eshiklarini ochib, 60 mingdan ortiq yurtdoshimiz va xorijlik mehmonlar hayit namozini ushbu qutlug‘ qadamjoda o‘qidilar.
Keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari natijasida Imom Buxoriy majmuasi ilgari bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunda 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qutlug‘ qadamjo ochilganidan so‘ng bir oy ichida buyuk muhaddis bobomiz maqbarasini 1 milliondan ortiq yurtdoshimiz va xorijiy fuqaro ziyorat qildi.
Prezidentimiz majmuaga tashrif buyuruvchilarga yanada qulay sharoitlar yaratish, ibodatlarini ado etishlari, buyuk muhaddis bobomiz merosi bilan yaqindan tanishishlari uchun barcha imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Shuningdek, majmuaga avtotransportda keluvchilar uchun to‘xtash joylarini kengaytirish, ziyoratchilar sayr qiladigan hududlarni yanada obod qilish, ularning dam olishi uchun tabiiy va qulay muhit yaratish, bu boradagi ishlarni doimiy tahlil qilib borish, har olti oyda majmuada ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rganib, qo‘shimcha choralarni belgilab borish muhimligi ta’kidlandi. Butun yurtimizdan imom-xatiblarni majmuaga taklif qilib, malakasini oshirish zarurligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari ziyorat madaniyatini yuksaltirish, muqaddas qadamjolar va mozorlarni obod saqlash bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish, bunday maskanlarda kelib-ketuvchilar uchun munosib sharoit yaratish muhim ekanini, o‘tganlar xotirasiga hurmat ruhini kuchaytirish yosh avlodning o‘zligini anglashi va ma’naviy tarbiyasida muhim omil bo‘lishini ta’kidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-may kuni Samarqandda Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi ochilish marosimida nutq so‘zlaydi.
Yig‘ilishning bosh mavzusi – “Taraqqiyot chorrahalari: mintaqaning o‘zaro bog‘liq kelajagini ilgari surish”. Forum global va mintaqaviy iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun muhim xalqaro platforma bo‘ladi.
Ishtirokchilar asosiy e’tiborini “yashil” transformatsiya, energetik o‘tish, raqamlashtirish, investitsiyalarni jalb qilish, oziq-ovqat xavfsizligi, sanoatda yetkazib berish zanjirlarining barqarorligi va boshqa masalalarga qaratadilar.
Sammitda bank bilan hamkor mamlakatlar delegatsiyalari, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki va boshqa institutlar rahbarlari va xodimlari hamda xorijiy hukumatlarning 2 ming nafarga yaqin vakillari, yetakchi kompaniyalar va banklar, transmilliy korporatsiyalar top-menejerlari hamda nufuzli ekspertlar ishtirok etadi.
O‘zbekiston 1995-yildan buyon Osiyo taraqqiyot bankining a’zosi bo‘lib, uning eng yirik hamkorlaridan biri hisoblanadi: loyihalar portfelining umumiy hajmi qariyb 16 milliard dollarni tashkil etmoqda. Mamlakatimiz bankning yillik yig‘ilishiga ikkinchi bor mezbonlik qilmoqda.
Ziyodulla JONIBEKOV,
G‘olib HASANOV, O‘zA muxbirlari.