Ajdodlarimiz jasorati – mangu barhayot
Koʻp millatli Oʻzbekiston xalqi butun taraqqiyparvar insoniyat qatori Ikkinchi jahon urushida faol ishtirok etib, fashizm ustidan qozonilgan buyuk Gʻalabani taʼminlashga munosib hissa qoʻshdi.
Gʻalabaning 75 yilligi oldidan
Koʻp millatli Oʻzbekiston xalqi butun taraqqiyparvar insoniyat qatori Ikkinchi jahon urushida faol ishtirok etib, fashizm ustidan qozonilgan buyuk Gʻalabani taʼminlashga munosib hissa qoʻshdi.
El-yurtimizning urush yillarida koʻrsatgan mardlik va qahramonligi biz uchun ulkan jasorat maktabi, gʻurur-iftixor manbai boʻlib, vaqt oʻtgani sayin bu oʻlmas qadriyatlarning ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Prezidentimizning 2019-yil 23-oktyabrdagi “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligini munosib nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha asosiy chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlangan.
Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi Toshkent shahar boʻlimi raisining oʻrinbosari Mahmud GʻOFUROV OʻzA muxbiriga bayramga tayyorgarlik toʻgʻrisida soʻzlab berdi.
– Mazkur qaror ijrosi boʻyicha “Nuroniy” jamgʻarmasi Toshkent shahar boʻlimining chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Unga muvofiq, Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari, mehnat fronti faxriylarini har tomonlama ijtimoiy-huquqiy himoya qilish hamda ularni moddiy, maʼnaviy ragʻbatlantirish boʻyicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
“Ajdodlarimiz jasorati – mangu barhayot” degan gʻoya asosida poytaxtimizda Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilarining qahramonliklari, oʻzbek xalqining front ortidagi fidokorona mehnati va gʻalabaga qoʻshgan beqiyos hissasi, front hududlaridan respublikamizga koʻchirib keltirilgan yuz minglab insonlarga nisbatan koʻrsatgan yuksak insonparvarlik fazilatlarini har tomonlama chuqur aks ettiradigan madaniy-maʼnaviy tadbirlar, targʻibot aksiyalari, konsert dasturlari, tasviriy sanʼat koʻrgazmalari, ijodiy kechalar, tanlovlar, ommaviy sport musobaqalari, “uch avlod vakillari uchrashuvlari”ni oʻtkazish rejalashtirilgan. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining turar joylarida obodonchilik ishlari tashkil etilmoqda.
Bugungi kunda Toshkent shahrida 156 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi istiqomat qiladi. Ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-apreldagi “1941 – 1945-yillardagi urush faxriylarini, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslar va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida yilda bir marta ularga kiyim-kechaklar va poyabzal, har oyda 15 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilmoqda. Ularning sogʻligi Toshkent shahar sogʻliqni saqlash boshqarmasi tomonidan doimiy nazoratga olingan.
Joriy yilda Prezidentimiz parlamentga Murojaatnomasida 2020-yilda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlanishi haqida alohida toʻxtalib, “Bizning mard, yengilmas va olijanob xalqimiz buyuk Gʻalabani taʼminlashga beqiyos hissa qoʻshgani bilan barchamiz haqli ravishda faxrlanamiz. Bu qonli urushda jami 1,5 milliondan ziyod Oʻzbekiston farzandlari tinchlik va ozodlik uchun mardona jang qilgani, ularning har uch nafaridan biri oʻz yaqinlari bagʻriga qaytmagani, el-yurtimizning front ortida koʻrsatgan jasoratini xalqimiz hech qachon unutmaydi. Biz urush va front orti faxriylarini faqatgina bayramlarda emas, balki doimo eʼzozlab, ardoqlashimiz, ularning sogʻligi haqida har kuni, har soatda oʻylashimiz lozim. Joriy yilda ularga har tomonlama eʼtibor yana-da kuchaytiriladi. Jumladan, mamlakatimizning eng yaxshi sanatoriylarida ularning salomatligini mustahkamlash uchun qulay sharoitlar yaratamiz. Urush yillarida xalqimiz koʻrsatgan haqiqiy jasorat va matonatni kino, teatr sanʼati, badiiy-publitsistik asarlar, ilmiy tadqiqotlar orqali koʻrsatish, aholi, ayniqsa, yoshlarimizga taʼsirchan tarzda yetkazish boʻyicha katta ishlar olib borilmoqda. Xususan, Toshkent shahrining Olmazor tumanida muhtasham “Gʻalaba bogʻi” bunyod etilmoqda”, degan edi.
“Gʻalaba bogʻi” xalqimizning urush yillarida koʻrsatgan mardlik va matonati, yuksak insoniy fazilatlarini, qahramon ajdodlarimizning nomlari, shonli anʼana va qadriyatlarini abadiylashtirish, yurtimizda inson xotirasi aziz va muqaddas, qadri ulugʻ ekanini anglatadi.
Bogʻda xotira muzeyi, sanʼat galereyasi, xalqimizning urush yillarida koʻrsatgan mardligi va matonati haqida hikoya qiladigan dioramalar, urush faxriylari uchrashadigan zallar, urush bilan bogʻliq barcha turdagi maʼlumotlarni jamlab boradigan arxiv barpo etilmoqda.
Xotira muzeyi eksponatlari orqali xalqimiz, ayniqsa, yoshlarni urushning dahshatli oqibatlarini hech qachon unutmaslikka, bugungi tinch va osuda hayot, mustaqillikning qadriga yetishga, doimo ogoh va hushyor boʻlib yashash, Vatan himoyasiga tayyor turish ruhida tarbiyalashga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Buning uchun urush qatnashchilarining oʻzi va oila aʼzolari roziligi bilan oʻsha vaqtdagi harbiy xizmatga chaqiruv qogʻozi, yoʻlovchi biletlari, harbiy kiyimlari, sogʻinchli maktublari va “qora xatlar” olinib, muzeyga topshirilmoqda. Shuningdek, qahramonlarning orden va medallari, tarixiy kitob va albomlar muzeyga eksponat sifatida qoʻyiladi.
Gʻalabaning 75 yilligi “Ajdodlarimiz jasorati – mangu barhayot” degan gʻoya asosida poytaxtimizning har bir hududida keng miqyosda nishonlanadi. Toshkent koʻchalarida harbiy parad oʻtkaziladi.