Ajdodlarimiz jasorati – mangu barhayot
Mamlakatimizda Xotira va qadrlash kuni, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligi nishonlanmoqda.
Mamlakatimizda Xotira va qadrlash kuni, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligi nishonlanmoqda.
Ushbu sana koronavirus pandemiyasi tufayli shahar va qishloqlarimizda keng xalq ommasi ishtirokida nishonlanmayotgan boʻlsa-da, har bir xonadon, har bir oilada ajdodlarimizni yod etish, bu olamdan oʻtgan yaqinlarimizni xotirlash, hayot boʻlgan nuroniylarimiz, urush qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini eʼzozlash bilan oʻtkazilmoqda. Chunki, yurtimizda Ikkinchi jahon urushidan aziyat chekmagan oila yoʻq. Haligacha bu urushning jarohati qalblarni oʻrtaydi.
– Koʻp millatli Oʻzbekiston xalqi butun taraqqiyparvar insoniyat qatori 1941-1945-yillardagi urushda faol ishtirok etib, fashizm ustidan qozonilgan buyuk Gʻalabaga munosib hissa qoʻshdi, – deydi Samarqand viloyati mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Hasan Normurodov. – Jumladan, samarqandliklar ham Ikkinchi jahon urushi va front ortida fidoyilik koʻrsatdi. Urush yillarida viloyatimizdan 152 ming kishi frontga safarbar qilindi. Afsuski, ularning 70 ming nafardan ortigʻiga yurtimizga qaytib kelish nasib etmadi.
Urush iskanjasida qolgan shahar va qishloqlardan evakuatsiya qilingan 165 ming kishiga viloyat aholisi oʻz uyidan joy berdi. Bir burda nonini ular bilan baham koʻrdi, yetim bolalarning boshini siladi. Masalan, kattaqoʻrgʻonlik Hamid Samadov 13, samarqandlik Fotima Qosimova 10 nafar yetim bolani asrab olib, ularni oʻz farzandlari kabi oq yuvib, oq taraganini hech kim unutmagan.
Samarqandga koʻchirilgan oʻnlab zavod va fabrikalarda ayollar va bolalar, keksalar va nogironlar mehnat qilib, front uchun qurol-yarogʻ, kiyim-kechak hamda boshqa mahsulotlar yetkazib berdi. Gʻalla yetishtirib, oʻzi non yemasa ham frontga joʻnatdi, bogʻlardagi sarxil mevalar birinchi navbatda janggohlarga yuborildi. Bir soʻz bilan aytganda, front ortida qolgan xalqimiz ham jangda qon kechgandek jasorat va matonat koʻrsatdi.
Shuning uchun bugun har bir oila, har bir yurtdoshimiz bu sanani bayram qilishga haqli, bu yorugʻ kunlar uchun jonini fido qilgan insonlarni yod etish, hayot boʻlgan faxriylarimizni eʼzozlashga burchli.
– El-yurtimizning urush yillarida koʻrsatgan mardlik va qahramonligi biz uchun ulkan jasorat maktabi, gʻurur-iftixor manbai boʻlib, vaqt oʻtgani sayin bu oʻlmas qadriyatlarning ahamiyati tobora ortib bormoqda – deya soʻzida davom etadi H.Normurodov. – Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan ajdodlarimiz xotirasiga chuqur hurmat bajo keltirilib, fashizmga qarshi janglarda, mehnat frontida jonbozlik koʻrsatgan faxriylarimizga alohida eʼtibor va ehtirom koʻrsatish yurtimizda olijanob anʼanaga aylanib qoldi.
Ayni paytda hayot boʻlgan 44 nafar samarqandlik Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi nafaqat oila aʼzolari, balki butun xalqimizning hurmat va eʼtiborida. Davlatimiz tomonidan ularga har oy oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va boshqa vositalar yetkazib berilmoqda. Salomatliklarini tiklashi, dam olishi uchun yurtimiz va xorijdagi sihatgohlarga bepul yoʻllanmalar ajratilayotir.
Prezidentimiz ham urush qatnashchilariga yuksak ehtirom koʻrsatmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan oʻtgan yil va joriy yil boshidan buyon Ikkinchi jahon urushidagi gʻalabaning 75 yilligini munosib nishonlash, urushda vafot etgan yurtdoshlarimiz xotirasini abadiylashtirish va ayni chogʻda hayot boʻlgan faxriylarimizga munosib izzat-ikrom koʻrsatish, ularni ijtimoiy-moddiy qoʻllab-quvvatlash yuzasidan bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi.
Shu asosida poytaxtimizda Gʻalaba bogʻi barpo qilindi. Bu yerda xalqimizning Ikkinchi jahon urushidagi ishtiroki, matonat va jasoratidan hikoya qiluvchi muzey tashkil etildi. Xuddi shunday Nukus shahri hamda viloyatlar markazlarida Ikkinchi jahon urushi davriga oid harbiy texnika, tarixiy eksponatlar, installyatsiyalarni oʻz ichiga olgan zamonaviy “Vatanparvarlar” bogʻlari tashkil etilmoqda.
Prezidentimiz farmoniga koʻra, bu yil Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari 10 million soʻmlik pul mukofoti hamda “Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning 75 yilligi” esdalik yubiley medali bilan taqdirlanmoqda. Shuningdek, ularga davlatimiz rahbarining maxsus sovgʻalari, mahalliy hokimliklarning tuhfalari tantanali topshirilmoqda.
Bugun har birimiz farishtasifat bu aziz insonlarni bayram bilan tabriklashni, ularning suhbatidan bahramand boʻlishni istaymiz. Lekin ayni paytdagi karantin cheklovlari bu istagimizga izn bermaydi. Shunday boʻlsa-da, uyda turib ham bu ulugʻ insonlarga rahmat aytishimiz, ularning umrlari uzoq boʻlishini tilab duolar qilishimiz lozim. Tinchlikning, xotirjamlikning qadrini ulardan oʻrganishimiz kerak.
Nasib etsa, sinovli kunlar oʻtib, ofatlar chekingach, bayramni yana ham kengroq davralarda davom ettiramiz. Qadrli faxriylarimizga barchamiz oʻz qalb izhorlarimizni bildiramiz.