Aholi tomorqadan qanday foydalanyapti?
Buxoro tumanining «Gulshanobod» mahalla fuqarolar yig‘inida ayni paytda 10 ming 460 nafardan ziyod aholi, 2 110 ta xonadon istiqomat qiladi.
Buxoro tumanining «Gulshanobod» mahalla fuqarolar yig‘inida ayni paytda 10 ming 460 nafardan ziyod aholi, 2 110 ta xonadon istiqomat qiladi. Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini tubdan isloh qilish, aholining shaxsiy tomorqadan samarali foydalanishini ta’minlash maqsadida mahalla fuqarolar yig‘ini, «Tomorqa xizmati» MChJ va tijorat banklari ko‘magi bilan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida hududdagi 170 ta xonadonda issiqxona tashkil etildi. Buning natijasida aholi bandligi ta’minlanib, yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Pomidor va bodringdan 25 million so‘m sof foyda
— Qishlog‘imizda oqar suv muammosi mavjud, — deydi «Gulshanobod» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Mahmud Rustamov. — Yer osti suvi esa sho‘r. Shu bois hududimizda dehqonchilik qilishning o‘zi bo‘lmaydi. Ammo sharoit yo‘q ekan deb qo‘l qovushtirish, «Olma pish, og‘zimga tush» qabilida yashash ham yaramaydi. Axir, chetdan birov kelib ro‘zg‘oringizni butlab bermaydi-ku. Shuning uchun tomchilatib sug‘orish orqali 7 sotixli issiqxonada hosil yetishtiramiz. Shukr, harakatlarimiz besamar ketmayapti. Bu yil tomorqaga ertapishar bodring va pomidor ekdik. Daromadimiz chakki bo‘lmadi. Pomidordan 20 million so‘m, bodringdan 5 million so‘m sof foyda ko‘rdik. Buning ortidan o‘tgan yili «Damas» yengil avtomashinasi sotib oldik. To‘ng‘ich farzandimizni uyli-joyli qildik. So‘nggi vaqtlar issiqxonani isitish biroz muammo bo‘layotgani bois keyingi yil mini qozonxona olib kelib o‘rnatmoqchimiz. Agar ko‘zlagan rejalarimiz amalga oshsa, daromadimiz yanada ortadi.
«Tomorqa xizmati» aholiga qanday ko‘mak bermoqda?
Xabaringiz bo‘lsa, 2018 yil 7 iyunda Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston fermer, dehkon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilingan edi. Shunga muvofiq, ayni paytda yurtimizning qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan tumanlarida «Tomorqa xizmati» korxonalari faoliyat yuritmoqda.
— Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida mamlakatimizdagi «Tomorqa xizmati» MChJlar tomonidan 108,4 gektar maydondagi 7400 dan ziyod ixcham issiqxonaga xizmat ko‘rsatildi, — deydi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi matbuot xizmati rahbari Jahongir Rahmonov. — Shuningdek, 455 ta xonadondagi 3690 ta asalari uyasi, 891 ta xonadondagi 82 tadan ziyod quyon, 4748 ta xonadondagi 320 ming parranda, 2347 xonadondagi 105 ming 96 bosh qo‘y egalariga amaliy yordam berildi.
Biroq tan olish kerak, respublikamizning barcha joylarida ham «Tomorqa xizmati» faoliyatini qoniqarli deb bo‘lmaydi.
— Bugun «Tomorqa xizmatlari» korxonasi tomonidan qilinayotgan amaliy ishlardan biroz ko‘ngil to‘lmaydi, — deydi Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi «Ko‘kdala» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Umar Julbulov. — Misol uchun, bu yil bahor fasli seryog‘in kelgani bois o‘rik daraxtlariga shira tushib ketdi. Bunga qarshi aholini zarur dori vositalari bilan ta’minlashda uzilishlar bo‘lgani bois hosil ko‘ngildagidek bo‘lmadi. Qolaversa, issiqxona uchun kerak bo‘ladigan o‘g‘itlarni o‘z vaqtida yetkazib berishda ham uzilishlar bo‘lmoqda. Agar mazkur muammolar hal etilsa, tomorqa egalari mamnun bo‘lar edi.
Ayrim yurtdoshlarimizning tomorqa bo‘yicha dunyoqarashi o‘zgarmayapti
Prezidentimiz bir necha yildirki, yerdan, xususan, tomorqadan oqilona foydalanish haqida kuyinib gapiradilar. Boisi bunda yurtimiz farovonligini ta’minlash, aholining shaxsiy daromadlarini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligi hamda fuqarolar bandligini ta’minlashdek ezgu maqsadlar mujassam. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining 2017 yil 9 oktabrdagi «Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni soha rivojida muhim dasturilamal bo‘layotir.
Biroq mamlakatimizdagi o‘zgarishlar jarayoni, sohada olib borilayotgan islohotlarga qaramay, bu boradagi ishlar ko‘ngildagidek emas. Afsuski, ayrim yurtdoshlarimizning hali ham tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha dunyoqarashi o‘zgarmagan. Bugun ko‘p oilalarga tashrif buyursangiz, xonadon egalari hayxotdek yerga chorva mollari uchun ozuqa mahsulot ekib qo‘yganini ko‘rasiz. Ular bilan suhbatlashsangiz, «Oilamiz chorva boqishga ixtisoslashgan. Shu maqsadda shaxsiy tomorqaga ozuqa mahsuloti ekamiz, buning nimasi yomon?», deya sizga e’tiroz bildiradi. To‘g‘ri, yerning bo‘sh yotganidan ko‘ra unga biror nima ekkan yaxshi. Biroq bu bilan tomorqadan samarali foydalanildi, deb bo‘lmaydi, axir.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, agar siz 7 sotix yerga chorva uchun ozuqa (beda) eksangiz, yil oxirida 700 ming, nari borsa, 800 ming so‘m daromad olasiz, xolos. Ammo o‘shancha maydonda issiqxona tashkil qilib, pomidor yoki bodring eksangiz, 25-30 million so‘m sof foyda cho‘ntagimda deyavering.
«Bir hovuch tuproq – bir kosa oltinga teng»
— Afsuski, aholi orasida tomorqaning foydasi, uning daromad manbai ekanligi yuzasidan shuncha tushuntirish ishlari olib borishimizga qaramay, hali ham boqimandalikni o‘ziga odat qilgan oilalar yo‘q emas, — deydi Farg‘ona viloyati Beshariq tumanidagi «Do‘stlik» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Saida Normurodova. — Yana ular ishsizman, deb nafaqa ham so‘rashadi. O‘zingiz o‘ylang, hayxotdek tomorqasi bor odam ishsiz bo‘lishi mumkinmi? Ba’zilar mehnatdan qochib, yerga faqat chorva uchun beda ekib qo‘ya qolishadi. Buning ustiga chet elga ish izlab ketadi. Bundaylarni ko‘rganimda «Mehnat qilishga shuncha ishtiyoqing bor ekan, avval, o‘z xonadoningni obod qil», degim keladi. To‘g‘ri, shu paytgacha tomorqa yer egalarini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularga zarur bo‘lgan mineral o‘g‘itlar, sara urug‘lik va ko‘chatlar yetkazib berish, o‘simliklarni zararkunanda hasharot va kasalliklardan himoya qilish bo‘yicha bir qancha muammolar bor edi. Bugun esa har bir hududda «Tomorqa xizmati» MChJlar tashkil qilingach, bu boradagi kamchiliklar barham topmoqda. Agar shunday sharoit bo‘la turib, undan unumli foydalana olmasak, ro‘zg‘orimizni butlolmaymiz.
24 million dollarli yangi loyiha qanday samara beradi?
Tan olish lozim, bugun qishloq xo‘jaligi tizimida aholi bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish, bu orqali odamlarning real daromadlarini oshirish borasida qator muammolar mavjud. Ayniqsa, yangi ish o‘rinlari yaratish, sohaga zamonaviy innovatsiyalarni joriy etish borasidagi ishlar maqtagulik emas.
Shu bois yaqinda xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb etgan holda qishloqlarda kam ta’minlangan aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha konsepsiya ishlab chiqildi. Yangi loyihaga ko‘ra, endilikda qishloq xo‘jaligida ishlash imkoniyati va ishtiyoqi bo‘lgan 50 nafar inson bir hududda birlashtirilib, kooperativ tashkil etiladi. Bu haqda joriy yil 5 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida yurtimizda meva-sabzavotchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish va eksportini oshirish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ham aytib o‘tildi.
— Bunday kooperativlarga qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan 15 gektar yer beriladi, — deydi Jahongir Rahmonov. — Ajratilgan yerdan har bir a’zoga 20 sotix, kooperativ ishtirokchisi – hamkor tadbirkorga 5 gektar yer mahsulot yetishtirish uchun beriladi. So‘ng ularni yanada rag‘batlantirish uchun 5 gektar yer ajratiladi. Shu tariqa ishbilarmon 50 ishchining mahsulotini sotib olish, saqlash imkoniga ega bo‘ladi. Mazkur loyiha, birinchi navbatda, Farg‘ona vodiysi va Surxondaryo viloyatining ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan va foydalanilmayotgan zaxira yerlari mavjud 22 ta tumanida joriy etilib, 31 ta kooperativ tuzish ko‘zda tutilgan. Jumladan, Asaka, Bo‘ston, Paxtaobod, Ulug‘nor, Qo‘rg‘ontepa, Angor tumanlari shular sirasidan. Mazkur tadbirlarning umumiy qiymati 24 million dollarni tashkil etadi. Shundan 15,5 million dollari xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Aytish lozimki, mazkur loyiha orqali chekka hududlarda yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish sifati yaxshilanib, eksport hajmi ortadi. Hozirgi kunda loyiha doirasidagi ishlar Surxondaryo viloyati Angor tumanida boshlab yuborilgan.
Sa’dullo TURSUNOV
«Mahalla»