Aholi daromadi oshsa kambag‘allik qisqaradi
Buxorodagi mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadini oshirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy ko‘rgazmali seminari bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlash joiz, Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Botir Ahmedov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan olib borilgan o‘rganishlar davomida tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, mavjud muammolarni hal etish, ijtimoiy muhofazaga olingan oilalar vakillarini ish bilan ta’minlash masalalari ko‘rib chiqilgan. Kambag‘allikni kamaytirishda ishlab chiqarish sub’ektlari quvvatini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois joylarda o‘tkazilgan tadbirlar davomida bu masalaga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Jondor, Olot, Peshku, Qorako‘l, Shofirkon, Vobkent, Kogon tumanlarida olib borilgan o‘rganishlarda mas’ullar zimmasiga bir qator vazifalar yuklandi, zarur tavsiyalar ishlab chiqildi.
Buxoro muhandislik texnologiya instituti kafedralari Buxoro shahridagi “Shohrud” AJ, “Kogon yo’g ekstraksiya zavodi” AJ, “Ark Eko tekstil” MCHJ, “Kogon don mahsulotlari” AJ kabi yirik korxonalarning ishlab chiqarish quvvatini yanada oshirish uchun yaqin hamkor sifatida biriktirilgan. Xuddi shunday, Buxoro davlat universiteti ilmiy tadqiqotchi mutaxassislari viloyat markazidagi mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Delta Rumino”, “Tekstile palas”, “Sadbarg” korxonalariga jalb etilgan. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Buxoro filiali ilmiy tadqiqotchilari esa Qorovulbozor tumanidagi “Bukhara real moto”, “Konchi” hamda Buxoro shahridagi “Buxoro ta’mirlash-mexanika zavodi” MCHJlar faoliyatini yanada yaxshilashga munosib hissa qo‘shmoqda.

– Viloyat markazi va Buxoro, Jondor tumanlarida belgilangan ishlarni amalga oshirishda Respublika ishchi guruhi vakili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat Boshqaruvi Akademiyasi professori Bobir Karimov hamda viloyat mas’ullaridan tarkib topgan ilmiy jamoa samarali mehnat qilmoqda, – deydi Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rektori Sadoqat Siddiqova. – Jumladan, Buxoro shahridagi 65 ta, Buxoro tumanidagi 36 ta, Jondor tumanidagi 52 ta mahallada o‘rganishlar olib borildi. Ishchi guruhi tomonidan shu yil 6-15 iyun kunlari barcha mahalla fuqarolar yig‘inlarida o‘qitish, o‘rganish va tahlillar olib borilib, ijtimoiy og‘ir deb topilgan nochor oilalarni qo‘llab-quvvatlash misolida amaliy chora-tadbir belgilandi.

Seminarda Vobkent, Qorako‘l tumanlari hokimlari, Buxoro davlat universiteti va pedagogika instituti vakillari tomonidan mahallalarda amalga oshirilayotgan loyihalarni rivojlantirish, mikroloyihalar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar, oliy ta’lim muassasalarida ilmiy innovatsion yangilik (new hau) larni mahallarda joriy etish orqali ilm-innovatsiyaga asoslangan yangi turdagi daromad manbalarini yaratishga oid ma’lumotlar berildi. Mahalliy hokimlik mutasaddilari, mahallalar “yettiligi” bilan yaqin hamkorlik qilayotgan tijorat banklari, davlat tashkilot va idoralari mas’ullari, oliy ta’lim dargohlari rahbarlari tomonidan bajarilishi zarur bo‘lgan amaliy chora-tadbirlar samaradorligi xususida so‘z bordi.
Oliy ta’lim muassasalari tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy-innovatsion ishlanma va mahsulotlar ko‘rgazmasi ishtirokchilarga katta taassurot qoldirdi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri