Agroturizm qishlog‘iga bir kelib keting
Prezidentimiz raisligida joriy yilning 29 mart kuni mamlakatimiz turizm salohiyatini yanada rivojlantirish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mutasaddilarga aniq topshiriqlar berilgan edi.
Jizzax viloyati Paxtakor tumanida ham mazkur yo‘nalishda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Soha mutaxassislarining tahlillariga ko‘ra, agroturizm – bu qishloq joylarda tashkil etiladigan faoliyat bo‘lib, mehmonga keluvchilarga kompleks xizmat ko‘rsatiladi. Ya’ni yashash, dam olish, ovqatlanish, ekskursiya xizmatlari, bo‘sh vaqtni va sport tadbirlarini samarali tashkil etish, baliq va hayvonlarni ovlash bilan shug‘ullanish hamda turizmning faol ko‘rinishi borasida bilim va yangiliklarga ega bo‘lishdir.

Agroturizm yo‘nalishi – Ispaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Gretsiya va Fransiyada yaxshi rivojlangan. Bu mamlakatlarga borgan sayyohlar muayyan vaqt davomida qishloq joylarda yashab, mahalliy xalq madaniyati, urf-odatlari, turmush tarzi bilan tanishadi, an’anaviy qishloq xo‘jalik ishlarida ishtirok etadi.

Turizmning xuddi shunday yo‘nalishi, ya’ni agroturizmga alohida e’tibor qaratgan go‘shani Jizzax viloyatining Paxtakor tumanidan topish mumkin. Tumandagi “Paxtakor” fermer xo‘jaliklari hududiy uyushmasi tarkibidagi Sh.Suvonqulov rahbarlik qilayotgan “Syemrug’ Innovation and syeyed kompany” dalalariga kelgan sayyohlar, bu yerda barpo etilgan rang-barang mevali bog‘lar qo‘ynida vaqti chog‘lik qilib, meva terishi, ulardan tanavul qilishi, turli xil parrandalarning parvarishi bilan yaqindan tanishishi, ularga o‘z qo‘llari bilan don-dun berishi, asalarilar bilan qanday muomala qilish yo‘llari va asalarichilikni o‘rganib olishi mumkin.

Shuningdek, bu yerga kelgan xoh xorijlik, xoh mahalliy sayyoh qishloq aholisining kundalik hayotida ular bilan bevosita ishtirok etadi. Olis qishloq turmush tarzini to‘la-to‘kis his qilishi uchun maxsus o‘tovlarda yashashi, bola tug‘ilishi, “beshikka belar”, “surpa soldi” kabi bir qator milliy marosimlarda qatnashishi mumkin. Qimiz, qimron ichib, ot va tuyalarni minib, ko‘p qirrali O‘zbekistonning noyob ekzotik nabotot olamidan bahramand bo‘ladi.

Ushbu qishloqda sayyohlar qushlarning sayrashi, maysazorga yotgancha bepoyon va moviy osmonni tomosha qilishlari mumkin. O‘zbek milliy taomlari, ayniqsa, palovning tayyorlanishi jarayoniga bevosita ishtirok etadi. Sigirni sog‘ilishini kuzatish, mevali darxatlar hosilini yig‘ish ishlarini nafaqat tomosha qiladi, balki bu ishlarda o‘zlari shaxsan ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladi.

Dono xalqimizda, ming marta eshitgandan bir marta ko‘rgan afzal, degan naql bor. Shunga amal qilib, Paxtakor tumanidagi “Syemrug’ Innovation and syeyed kompany” dalalariga o‘zingiz bir kelib, yuqorida aytganlarimizga guvoh bo‘lishingiz mumkin. Ushbu agroturizm qishloqchasida o‘tkazgan kunlaringiz bir umr xotirangizda qoladi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA