Agrar sohada innovatsiya va hamkorlik uchun yangi imkoniyat
Toshkent davlat agrar universitetida “Xitoy – Markaziy Osiyo: qishloq xo‘jaligi fanlari va texnologiya sohasida innovatsiya hamda hamkorlikni rivojlantirish” II xalqaro konferensiyasi boshlandi.
“Texnologiya bilan kuchli, yashil qishloq xo‘jaligi uchun hamjihatlik” mavzusidagi mazkur anjumanda XXR va mintaqamizning yetakchi universitetlari, ilmiy-tadqiqot institutlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, olim va mutaxassislar ishtirok etyapti.
Asosiy maqsadi agrar sohada ilmiy hamkorlikni kengaytirish, texnologiya almashinuvini kuchaytirish, qo‘shma tadqiqot jarayonini rivojlantirish va yangi ishlanmalarni amaliyotga joriy etishdan iborat tadbirning ochilish marosimida Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Xitoyning mamlakatimizdagi elchixonasi, BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, TDAU hamda XXR qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi vakillari qatnashdi.
Tadbir doirasida xalqaro ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha bitimlar imzolandi. Shuningdek, Xitoy – O‘zbekiston paxtachilik fan va texnologiyalari namoyishi bazasi ishga tushirildi. Paxtachilik sohasida dunyodagi ilk yirik til modeli sifatida taqdim etilgan “CottonMind 1.0” ham ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.
Yalpi va sho‘’ba yig‘ilishlari dasturidan paxtachilik, meva va poliz ekinlari yetishtirish, chorvachilik, biologiya xavfsizligi, o‘simliklarni himoya qilish, sho‘rlangan yerni boshqarish, suv resurslaridan samarali foydalanish, iqlim o‘zgarishi hamda raqamli va “aqlli” qishloq xo‘jaligi masalalari o‘rin olgan.
Dastlab mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasiga investitsiya jalb etish, tizimni raqamli transformatsiya qilish, qurg‘oqchil hududlarda dehqonchilikni rivojlantirish, paxtachilikka zamonaviy texnologiya qo‘llash, chorva kasalliklarini monitoring qilish va fitosanitar xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ilmiy yondashuvlar taqdim etildi.
Tadbirda mezbon universitet olimlari o‘z tadqiqotlarini namoyish etmoqda. Professor Jonibek Xudoyqulov O‘zbekistonda paxtachilikning ahamiyati, tarixi va bugungi holati, professor Bahrom Azizov paxta yetishtirishda innovatsion agrotexnologiya samaradorligi, professor Munisa Saidova esa sho‘rlanish sharoitida paxta hosili barqarorligini oshirish bo‘yicha ilmiy qarashlarni ilgari surdi.
Bugungi kunda TDAU AQSH, Germaniya, Xitoy, Koreya Respublikasi, Yaponiya, Vengriya, Turkiya va boshqa mamlakatlarning 150 dan ziyod universiteti, ilmiy-tadqiqot muassasasi va xalqaro tashkiloti bilan hamkorlik qilmoqda. Ayni jarayonda qo‘shma ta’lim va ilmiy dasturlar, akademik almashinuv va xalqaro loyihalar amalga oshirilmoqda.
[gallery-31533]
Dilshod Hakimov,
Farhod Abdurasulov (surat),
O‘zA