Agrar soha: yangi loyihalar muhokamasi
Buxoro viloyatida investitsiya muhitini yanada yaxshilash, xorijiy hamkorlar bilan manfaatli aloqalarni kengaytirish va qishloq xo‘jaligini zamonaviy bosqichga olib chiqish borasida izchil ishlar davom etmoqda.
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov hamda Xitoy Xalq Respublikasining “FM World” ishlab chiqarish korxonasi delegatsiyasi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda, qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, paxtachilik tarmog‘ini rivojlantirish hamda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Korxona bosh direktori Mr Ju keyingi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar izchil mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda kompaniya O‘zbekistonning bir qator hududlarida o‘zaro manfaatli hamkorlik asosida qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida samarali faoliyat yuritmoqda. Jumladan, paxta yetishtirish, agrar sohani texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarini yetkazib berish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, kompaniya rahbari O‘zbekistonda, ayniqsa, Buxoro viloyatida investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar, ochiq va ishonchli biznes muhiti xorijiy sarmoyadorlarda katta qiziqish uyg‘otayotganini qayd etdi. U Buxoro viloyatida paxtachilik sohasida istiqbolli va yirik loyihalarni amalga oshirish istagi borligini bildirdi.

O‘z navbatida, viloyat hokimi Botir Zaripov O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar barcha sohalarda jadal sur’atlar bilan rivojlanayotganini ta’kidladi. Ayniqsa, Buxoro viloyatida xitoylik tadbirkorlar va investorlar bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik yaxshi natijalar berayotgani qayd etildi.
Uchrashuvda taklif etilayotgan investitsiya tashabbuslarini yanada puxta ishlab chiqish, iqtisodiy samaradorligini oshirish va aniq amaliy mexanizmlarni belgilash muhim ekani ta’kidlandi. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish va ularni fermer xo‘jaliklariga yetkazib berishda lizing xizmatlaridan samarali foydalanish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada mustahkamlash va yangi tashabbuslarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.