Afv etilganlar ijtimoiy hayotga moslashtirilmoqda
Prezidentimizning Ramazon hayiti munosabati bilan “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq Surxondaryo viloyatidan ham bir guruh mahkum xalqimizning bag‘rikenglik, kechirimlilik, insonparvarlik kabi yuksak fazilatlarini chuqur his etdi.
Sodir etgan qilmishidan jazoni o‘tash davrida pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga o‘tgan 28 nafar shaxs muqaddas Ramazon hayitini yaqinlari davrasida o‘tkazdi.

Ayni kunlarda viloyat ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati probatsiya bo‘limi xodimlari ularning muammosini tinglab, sohaviy xizmatlar va hamkor tashkilotlar bilan oilaviy sharoitlarini o‘rganmoqda. Ijtimoiy hayotga moslashtirish yuzasidan o‘rtaga tashlayotgan masalalarini yechish bo‘yicha tegishli ishlarni olib bormoqda. Kamchiliklarini bartaraf etish choralari ko‘rilayotir. Fuqarolik pasporti rasmiylashtirilib, bir martalik moddiy yordam pullari olib berildi. Tajribali shifokorlarning tibbiy ko‘rigidan o‘tkazib, kasallik aniqlanganlarining sog‘ligini tiklashga ko‘maklashmoqda.


Viloyatda афв etilgan shaxslarni moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlab, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga ko‘maklashish va boshqa hayotiy masalalarida yordam berish davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri