Afv etilgan fuqaro ishga joylashtirildi
Prezidentimiz joriy yilning 7 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq, jazoni ijro etish muassasalari va probatsiya organlarida jazo o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 402 nafar shaxs afv etildi.
Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.
Afv etilganlar orasida Guliston tumani “Ahillik” mahallasida yashovchi, 27 yoshli Aziza O‘rinboyeva ham bor. Guliston tumani hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nilufar G‘ofurova Aziza O‘rinboyevaning xonadonida bo‘lib, uning holidan xabar oldi, dildan suhbatlashdi.
Afv etilgan Aziza O‘rinboyeva o‘zi yashaydigan “Ahillik” mahallasidagi tikuv korxonasida ishga joylashdi. Tikuvchilik korxonasida Aziza o‘z onasi bilan birgalikda kelgusi haftadan ish boshlaydigan bo‘ldi.
– Qilmishimga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘ldim, ozodlikning qadrini bildim, – deydi Aziza O‘rinboyeva. – Endi zinhor qing‘ir yo‘llarga kirmayman, xalqimga foydam tegishi uchun halol mehnat qilaman.
Ozodlikning qadriga yetish, halol mehnat bilan rizq topishning gashti o‘zgacha. Aziza ham buni to‘liq anglab yetdi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA