Afg‘onistondagi suv toshqini qurbonlari soni yuzga yaqinlashdi
Afg‘onistonni qamrab olgan kuchli yomg‘ir halokatli suv toshqiniga aylandi. Oqibatda o‘nlab inson halok bo‘lib, minglab oila boshpanasiz qoldi, ulkan vayronkorlik yuz berdi. Mamlakat tabiiy ofat bilan kurashmoqda. Bu haqda “Sinxua” agentligi xabar bermoqda.
Xabarda qayd etilishicha, mamlakat bo‘ylab toshqin qurbonlari soni 99 kishiga yetdi, so‘nggi to‘qqiz kun ichida 154 odam jarohatlandi.
Tabiiy ofatlarni boshqarish milliy boshqarmasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, 26-mart kuni boshlangan kuchli yomg‘ir keng ko‘lamli suv toshqini va ko‘chkiga olib kelgan, qurbonlar ko‘pchilik, moddiy zarar salmoqli.
5 000 uy to‘liq yoki qisman vayron bo‘lgan, 355 kilometr yo‘l yuvilib ketgan, 14 405 gektar qishloq xo‘jaligi ekini maydonini suv bosgan. Jami 8 532 oila jabr ko‘rgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, qutqaruv va gumanitar guruhlar favqulodda yordam vositalari tarqatish uchun eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlarga jo‘natilgan. Zararni baholash ishlari davom etyapti.
Afg‘oniston meteorologiya xizmati kuchli yog‘ingarchilik davom etishi, yaqin kunlarda barcha 34 viloyatning chekka va olis hududlarida suv toshishi ehtimolidan ogohlantirdi.
G.Sattorova, O‘zA