Afg‘oniston delegatsiyasi Buxoroda
Afg‘oniston Islom Respublikasining Qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va chorvachilik vaziri Otaulloh Umariy boshchiligidagi delegatsiya Buxoroga keldi.
Tashrif doirasida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, xususan, qishloq xo‘jaligi va sanoat sohalaridagi imkoniyatlar ko‘rib chiqildi.

Qishloq xo‘jaligi sohasida ilg‘or tajribalarni o‘rganish, ishlab chiqarish va eksport salohiyatini kengaytirish yo‘lidagi bunday tashriflar mintaqaviy oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tashrif dasturiga ko‘ra, delegatsiya viloyatdagi yirik korxona va firmalar faoliyati bilan tanishadi, tarixiy obidalar va diqqatga sazovor joylarga sayohat tashkil etiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.